9 avgust kuni Belarusda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi. E’lon qilingan saylov natijalariga ko‘ra, mamlakatning amaldagi rahbari Aleksandr Lukshenkoning qo‘li baland kelgani ma’lum bo‘ldi, deya xabar berdi RIA Novosti.

Aholining saylovlarda qatnashish darajasi 84,23% ni tashkil etdi. Unda davlat rahbari lavozimiga 5 nafar nomzod da’vogarlik qildi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, 80,23% ovoz bilan Aleksandr Lukashenko (partiyasiz) qolgan nomzodlardan ustun keldi.

Saylovlarda qolgan nomzodlar: Svetlana Tixanovskaya (partiyasiz) — 9,9% ovoz, Anna Kanopatskaya (partiyasiz) — 1,68%, Sergey Cherechen («Gramada» partiyasidan) — 1,13%, Andrey Dmitriyev (partiyasiz) — 1,04% ovoz to‘plagan. Shuningdek, 6,02% ovoz beruvchi hammaga qarshi ovoz bergan.

Ma’lumot berilishicha, saylovlarda hech qanday qonunbuzarlik holatlari aniqlanmagan. Shunday bo‘lsa-da, saylov natijalaridan norozilik holatlari kuzatilgan.