8 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Vazirlar Mahkamasida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining faoliyati borasida yig‘ilish o‘tkazdi.

Hukumat rahbari vazirlik tomonidan hujjatlar bilan ishlash va ijro tartibini kuchaytirishda tizimli ish olib borilmayotganligini, «Obod Xonadon», «Obod Ko‘cha» va «Obod Mahalla» talablarini bajarish bo‘yicha aniq mezonlar asosida ish ko‘rilmayotganligini tanqid qildi. Shuningdek, Bosh vazir jamoat tartibini va xavfsizligini ta’minlash, mahallalardagi jinoyatlar va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha profilaktika tadbirlarining yetarli darajada tashkil etilmaganligi, mahalla raislari va xodimlari tomonidan ijtimoiy nafaqa va kam ta’minlangan oilalarga ajratilgan yordam puilini to‘lashda qonun hujjatlari buzilganligini ta’kidladi.

Abdulla Aripov, shuningdek, kam ta’minlangan oilalarga respublika byudjetidan beriladigan bir martalik moliyaviy yordamni kechiktirgan ayrim mahalla raislarining xatti-harakatlarini tanqid qildi. U buni hech qanday mezon bilan oqlab bo‘lmaydi deya ta’kidladi, tasdiqladi «Gazeta.uz»ning hukumatdagi manbasi.

Ishdagi kamchiliklar uchun mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Raxmat Mamatov va uning o‘rinbosarlari Azizbek Ikromov va Botir Parpiyevga tanbeh berildi, deya qo‘shimcha qildi manba.


Rahmat Mamatov, Azizbek Ikromov, Botir Parpiyev.

Yig‘ilishda 39 ta mahallaning o‘z binosi yo‘qligi, shu sababli mahalla raisi o‘z uyidan faoliyat yuritayotganligi qayd etildi. Tumanlar va shaharlar hokimlari, sektorlar rahbarlari ushbu mahallalarni hududlardagi bo‘sh binolarga joylashtirish uchun hech qanday choralar ko‘rishmadi. Bu nafaqat mahallaning samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, balki aholiga noqulayliklar tug‘dirmoqda. Bosh vazir bu vaziyatni sharmandalik deb atadi, deya xabar berdi Kun.uz.

«Mahalliy davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining egallab turgan vazifasiga munosabati qandayligini shundan ham bilsa bo‘ladi. Go‘yo ularning mahallaga hech qanday aloqasi yo‘q, xuddiki ular mahallada yashamaydi. Rais mahalladoshlariga o‘z uyida xizmat ko‘rsatsa, o‘z uyida fuqarolarni qabul qilsa, axir bu — sharmandalik-ku. Joylardagi o‘z idorasiga ega bo‘lmagan mahallalarga zamonaviy va barcha qulayliklarga ega bino qurib berish bo‘yicha Qurilish vazirligiga topshiriq bo‘ladi. Bu masalani tezroq hal qilish kerak», — dedi bosh vazir.

Eslatib o‘tamiz, Qurbon hayiti arafasida hukumat Qurbon Hayiti bayrami munosabati bilan 150 ming muhtoj oilalarga «Mehribonlik va qo‘llab-quvvatlash» jamg‘armasidan (bir oila uchun 1 mln so‘m) moliyaviy yordam to‘lashini e’lon qildi. Bundan tashqari, Prezident qarori bilan Temir daftar ro‘yxatidagi 400 mingdan ortiq ehtiyojmand oilalarda yashovchi 1,7 mln dan ortiq fuqarolarga 380 mlrd so‘mlik bir martalik yordam puli to‘lanishi ko‘zda tutilgan.

Biroq, so‘ngi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘la boshlagan xabarlarga ko‘ra, aholining to‘lov tartibidan norozi ekanligi ma’lum bo‘ldi. Natijada Bosh prokuratura moliyaviy yordamni to‘lashda huquqbuzarlik holatlari kuzatilganligi haqida murojaat qilish uchun mintaqalar bo‘yicha raqamlar ro‘yxatini e’lon qildi.

4 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev pandemiya davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholini moddiy qo‘llab-quvvatlash masalalariga bag‘ishlangan videokonferensiya o‘tkazdi. Davlat rahbari moddiy yordamga muhtoj oilalar ro‘yxatini to‘g‘ri shakllantirish, ajratilgan mablag‘larni adolatli taqsimlash zarurligini ta’kidladi.

Avvalroq xabar qilinganidek, 1 sentyabridan boshlab, ijtimoiy nafaqalarni tayinlash to‘g‘risidagi arizalarni ko‘rib chiqish va ularni tayinlash tartib-taomillari bosqichma-bosqich «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi vositasida amalga oshiriladi. Shuningdek, reyestr «FHDYOning yagona elektron arxivi» axborot tizimi bilan ma’lumot almashib boradi, bu esa ijtimoiy himoyalash masalalari bo‘yicha ariza beruvchining oila a’zolari tarkibini aniqlashda yordam beradi.