Bekobod tumanida 69,9 mln so‘m mablag‘ning noqonuniy sarflanishi oldi olindi, deya xabar qildi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Bekobod tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda, «A» MFY raisi X.G‘. tomonidan hujjatlarga soxta ma’lumotlar kiritilib, haqiqatda mazkur mahallada yashamaydigan va nafaqaga muhtoji bo‘lmagan 26 nafar fuqaroga jami 101,5 mln. so‘m nafaqa pullari tayinlagani aniqlangan. Shundan 31,6 mln so‘mi fuqarolarga asossiz to‘lab berilgan.

Shuningdek, o‘z vaqtida olib borilgan o‘rganishlar natijasida 69,9 mln so‘mlik byudjet mablag‘lari talon-toroj qilinishining oldi olindi.

Mazkur holat yuzasidan mahalla raisi X.G‘.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 167 va 209-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.