Twitter davlat bilan aloqador va davlat tomonidan boshqariladigan rasmiy akkauntlarni belgilashni boshladi, deya xabar berdi TJournal.

Ushbu maxsus belgilar agar davlat ommaviy axborot vositalari va ular bilan bog‘liq shaxslar, masalan muharrirlar yoki taniqli jurnalistlarning akkauntlari davlat tomonidan nazorat qilinsa, geosiyosat va diplomatiyada faol ishtirok etish uchun foydalanilsa, ushbu akkauntlarga foydalanuvchilarni ogohlantirish uchun qo‘yiladi.

Hozircha maxsus belgilar faqat beshta davlat — Xitoy, Fransiya, Rossiya, Buyuk Britaniya va AQSH akkauntlariga qo‘yilmoqda.

Belgi olgan akkauntlar orasida TASS, Russia Today, Sputnik, China Xinhua News kabi OAVlar va Kreml rasmiy akkaunti, Rossiya TIV va Dmitriy Medvedevning shaxsiy akkauntlari mavjud.

Twitter o‘z blogida qayd etishicha, davlat tomonidan moliyalashtirilgan, ammo tahririyat mustaqilligiga ega bo‘lgan media-akkauntlar bunday akkauntlar qatoriga kiritilmaydi va ular belgilanmaydi. Masalan, Buyuk Britaniyaning BBC teleradiokorporatsiyasi bu ro‘yxatga kiritilmagan.

Shuningdek, blogda yozilishcha, yangi belgilar barcha siyosiy arboblarning akkauntlarida paydo bo‘lmaydi. Maxsus belgilar faqat xalqaro aloqalarda qatnashadigan shaxslarda, masalan tashqi ishlar vazirlari va elchilarining akkauntlariga qo‘yiladi. Bundan tashqari, davlat rahbarlarining ham shaxsiy saxifalari belgilanmaydi, chunki bu akkauntlar ko‘pchilikka ma’lum.

Ushbu maxsus belgilar akkaunt nomiga ham, ulardagi shaxsiy xabarlarga ham qo‘yiladi.

2019 yil avgustida Twitter o‘z blogida davlat OAVlarini reklama qilishni to‘xtatgani haqida xabar bergan edi. Ijtimoiy tarmoq endilikda ushbu platformani davlat tomonidan boshqariladigan medialarga taqdim etmasligini e’lon qildi. Kompaniya ushbu chora «sog‘lom va ochiq aloqa»ni himoya qilish uchun ishlab chiqilganligini ma’lum qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Facebook ijtimoiy tarmog‘ida davlat nazoratida bo‘lgan sahifalarni belgilashni boshlagan edi.