Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanida bog‘chani ta’mirlash jarayonida jami 173,2 mln so‘mlik byudjet mablag‘lari talon-toroj qilindi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinnov ma’lum qildi.

Ma’lumotga ko‘ra, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Uchqo‘rg‘on tuman bo‘limi tomon idan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, Namangan viloyat hokimligining Yagona buyurtmachi IK texnik nazoratchi N.M. «N.B.» MCHJ rahbari M.I. bilan o‘zaro til biriktirib, tumandagi 41-sonli maktabgacha ta’lim muassasasida amalga oshirilgan qurilish ishlari haqidagi hujjatlarga haqiqatda bajarilmagan 173,2 mln so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlarini qo‘shib yozish orqali byudjet mablag‘lari talon-toroj qilinganligi aniqlangan.

Ta’kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan N.M. va M.I.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi 3-qismi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.