O‘zbekistonda karantin choralari bosqichma-bosqich bekor qilinadi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining oltinchi yalpi majlisida parlament yuqori palatasi raisi Tanzila Norbayeva xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra «hozirgi qiyinchiliklar albatta o‘tadi, pandemiya ham barham topadi, biroq kelgusida bu kabi sinovlar bo‘lmaydi deb hech kim kafolat bera olmaydi».

«Endilikda karantin choralari bosqichma-bosqich bekor qilinadi. Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi to‘g‘risidagi keng targ‘ibot ishlarini kuchaytirishimiz, kasallikka chalinganlarni ishlab chiqilgan protokollar asosida davolash bilan birga normal hayotga qaytarishimiz, ya’ni iqtisodiyotimizni rivojlantirishimiz zarur», — dedi senat raisi.

Senat rahbari bunday sharoitda qonunlarni takomillashtirish birinchi galdagi vazifalardan biri bo‘lishini ma’lum qildi.

Shuning uchun Tanzila Norbayeva Senat qoshida koronavirus pandemiyasi davrida yuzaga kelgan muammolardan kelib chiqqan holda amaldagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha ishchi guruh tuzilganligini aytib o‘tdi. Ishchi guruh senatorlar, vazirliklar va idoralar vakillari, ekspertlar va olimlardan tashkil topib, tahlillarni o‘tkazali va tegishli takliflarni ishlab chiqadi.

Oldinroq prezident Shavkat Mirziyoyev «qanchalik ko‘p karantinda ushlasak, biz odamlarni shunchalik ko‘p qiynaymiz» deya ta’kidlagan edi. Davlat rahbari koronavirus bemorlarining barchalarini qamrab oladigan davolash tizimini tez orada ko‘lga qo‘yishni buyurgan edi.