Vrachlar malakasini oshirish instituti dotsenti Dilfuza Hasanova gripp bilan og‘riyotgan bemor koronavirus infeksiyasini ham yuqtirib olsa, unda kasallik og‘ir kechishini, shu bois bemor qat’iy karantin choralariga rioya qilishi kerakligini qayd etib o‘tdi. Bu haqda dotsent “O‘zbekiston 24” telekanalida efirga uzatilgan “COVID-19 savol-javob” dasturida ma’lum qildi.

“Gripp bilan og‘riyotgan bemor qat’iy karantin choralariga rioya qilsa, unga virus yuqmaydi. Bemor gripp bilan koronavirusni yuqtirib olgan bo‘lsa, kasallik og‘ir kechadi. Grippda immunitet past bo‘lsa, kasallik o‘tib ketadigan bo‘lsa, gripp chaqiradigan pnevmoniyaga olib kelishi mumkin. Bunda o‘pkaning yuqori qismlari zararlanadi”, — deya ta’kidladi Dilfuza Hasanova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, SOVID-19 infeksiyasi ko‘pincha o‘pkaning pastki qismlari: nafas olishda kamroq ishtirok etadigan bo‘lmalarini shikastlaydi. Yondosh kasalliklar, tabiiyki, kasallik kechishini og‘irlashtiradi.

“Gripp bilan zararlangan bemor koronavirusga test topshirsa, lekin yolg‘on manfiy javob chiqsa (30 foiz ehtimol), demak, menda kasallik yo‘q ekan, deb atrofdagilar uchun tashuvchi bo‘lib qolishi mumkin”, — dedi Vrachlar malakasini oshirish instituti dotsenti.

Shu sababli gripp bilan kasallanganlar ham o‘zini izolyatsiya qilishi lozimligi bildirib o‘tildi. Shu bilan birga, o‘zini yakkalagan bemor grippdan to‘liq forig‘ bo‘lgach, normal hayotga qaytishi mumkinligi qayd etildi.