2020−2021 o‘quv yili uchun qabul test sinovlari 2 sentyabrdan boshlanib, 14 kun davomida o‘tkaziladi, deya ma’lum qildi Davlat test markazi direktori o‘rinbosari Sardor Rajabov AOKA shtabida bo‘lib o‘tgan brifingda.

Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyevning ta’kidlashicha, test sinovlari uchun 40 ga yaqin stadion jalb etilishi rejalashtirilgan. Stadionlarga soyabonlar qo‘yilishi malasiga ham e’tibor qaratiladi. Avgust oyida barcha binolar va stadionlarni jihozlash amalga oshiriladi, sentyabr oyi boshida esa test sinovlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.

«Natijalarni e’lon qilishda o‘zgarish bo‘lmaydi. Xuddi har yilgidek test sinovlari o‘tkazilgan kunining ertasiga abituriyentning shaxsiy sahifasida e’lon qilinadi», — dedi DTM boshqarma boshlig‘i.

Shuningdek, DTM vakili imtihonlarni nazorat qilish jarayoni kuzatuv kameralari orqali amalga oshirilishi va ichkaridagi holatga Davlat test markazi, imtihon topshiriladigan ob’ekt hududiga kirish jarayoni uchun huquqni muhofaza qilish organlari javob berishini ma’lum qildi.

«Stadionlarda kuzatuv kameralari albatta bo‘ladi. Har bir abituriyent va kuzatuvchilarning har bir hatti harakati suratga olinadi va televideniye orqali berib boriladi», — deya ta’kidladi Barno Rajabov.

Avvalroq prezident topshirig‘iga asosan 2020/2021 o‘quv yilida OTMlarga kirish imtihonlari Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlaridagi stadionlarda kuniga ikki marta — havo salqin vaqtlarda o‘tkazilishi belgilangani haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2020−2021 o‘quv yili uchun istisno tariqasida qabul test sinovlari majburiy fanlarsiz, 2 ta mutaxassislik fanlaridan o‘tkazilishi va abituriyentlar uchun imtihonda qo‘llaniladigan test sinovlari soddalashtirilishi haqida ma’lum qilingandi.