UzAuto Motors Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining UzAuto Motors AJ tomonidan «Raqobat to‘g‘risida"gi qonun talablariga rioya etilishi yuzasidan tekshiruvi haqidagi deputat Rasul Kusherbayevning o‘z Telegram-kanalida bergan xabarlarga izoh berdi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi 29 iyuldagi xabarida qonunbuzarlik belgilarini aniqlaganligi va tegishli tartibda UzAuto Motors ga nisbatan ish qo‘zg‘aganligini e’lon qilgan edi.

UzAuto Motors aslida tekshiruvlarga deputatlik so‘rovlari turtki bo‘lmaganligi va tekshiruv bir necha oydan beri olib borilayotganligini, faqat 29 iyul kuni Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi narxni shakllantirish masalasini chuqurroq o‘rganish to‘g‘risida qaror qabul qilgan va shu kuni deputatlar guruhidan so‘rov kelib tushgan, deya ta’kidlaydi.

«Afsuski, liberal-demokratik partiya a’zosining bu boradagi fikri o‘zgacha ekan — uning tomonidan nafaqat populistik fikr-mulohazalar, balki Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tezislarining ochiq-oydin buzilgan talqini navbatdagi axborot porsiyasi o‘laroq 5 avgustda o‘z shaxsiy Telegram-kanalida ommaga e’lon qilindi», — deyiladi UzAuto Motors bayonotida.

AJ ning xabar berishicha, hozirda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ekspertlari tomonidan martdagi narx o‘zgarishi, butlovchi qismlar narxining uzoq muddatli prognozining aniqligi masalasi o‘rganilmoqda va deputat keltirgan ma’lumotlar hali aniqlanmagan, masala hali ko‘rib chiqilmoqda.

«Qo‘mita mutaxassislari, shuningdek, reklama xarajatlari va kreditlarga xizmat ko‘rsatish sarf-xarajatlarining narx shakllanishi jarayoniga kiritilishining asoslanganligini ham tekshirmoqdalar. Bu yo‘nalishda ham kompaniya muvofiqlashtiruvchi idora bilan hamkorlikda ishlamoqda, o‘zi ishlab chiqqan va bir qator idoralar tomonidan tasdiqlangan hisob-kitoblar to‘g‘riligini ma’qullamoqda. Shubhasiz, bu borada oxirgi xulosani monopoliyaga qarshi kurashish idorasi aytadi», — deyilgan UzAuto Motors ning Gazeta.uz ga bergan bayonotida.

UzAuto Motors deputatning AJning dilerlar bilan munosabatlari haqida bergan ma’lumotlariga ham izoh berib o‘tdi. Bu masala «kompaniya tomonidan o‘tkazilgan ob’ektiv tahlil avtosalonlar sonining haddan ortiqligini, nisbatan kichik hududlarda o‘ta ko‘p joylashganligini va ko‘plab sotuv nuqtalarining samaradorligi pastligi» bilan izohlandi. Shuningdek, UzAuto Motors kompaniya bilan sheriklik tarmog‘iga qo‘shilish niyatida bo‘lgan yangi nomzodlarga mijozlarga xizmat ko‘rsatish darajasi va savdo shartlari yuzasidan yangi talablar qo‘yishini va bu iste’molchi uchun yakuniy narxga mutlaqo ta’sir ko‘rsatmasligini ta’kidladi.

Bayonotda deputatning «tekshiruv „UzAuto Motors“ kompaniyasining maxsus aksiyalari orqali avtomobillarni muddatli to‘lov asosida sotish faqat kompaniya muassisligidagi Autosanoat Invest MCHJ orqali amalga oshirilganligini ko‘rsatgan. Boshqa dilerlar bevosita bunday aksiya o‘tkazish huquqiga ega bo‘lmagan» degan fikri AJ tomonidan inkor etildi.

«UzAuto Motors AJ Autosanoat Investning muassisi emas va hech qachon bo‘lmagan ham — bu kompaniya 100% „O‘zavtosanoat“ AJga tegishli. Bundan tashqari, „UzAuto Motors“ amalda hech qanday aksiya uyushtirmaydi — u faqat avtomobillar ishlab chiqaradi, ularni keyin dilerlar o‘z avtosalonlarida sotadilar. Dilerlar esa, o‘z navbatida, amaldagi qonunchilik doirasida va o‘z fantaziyalaridan kelib chiqib, istalgan aksiyani o‘tkazishlari mumkin», — deya ta’kidladi UzAuto Motors bunga javoban. Autosanoat Invest ning bir qator o‘z aksiyalarini o‘ylab topgani, ishlab chiqqani va aslida yuzga yaqin boshqa dilerlik korxonalarining har biri ham xuddi shunday huquqqa ega bo‘lganliklari ta’kidlandi.

UzAuto Motors bayonotni «keyingi ikki yilda kompaniya o‘z faoliyatini ochiqlik va iste’molchi bilan hurmat asosidagi muloqot asosida qurmoqda. Agar kompaniya qayerdadir nohaq bo‘lsa, o‘z xatosi ustida ishlashga tayyor. Lekin tegishli xulosani biz bunga vakolatli davlat idorasidan olishni kutamiz», — deya xulosalagan.