Poytaxtning Sergeli, Chilonzor va Uchtepa tumanlaridan bir qismi, shuningdek, Mirzo-Ulug‘bek tumani tarkibidagi Ulug‘bek shaharchasini Toshkent viloyati hududiga o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanaliga O‘zbekiston qurilish vaziri Botir Zokirov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sanoat zonalari joylashgan Toshkent katta halqa yo‘li (TKHY) bo‘ylab Sergeli tumaniga qarashli 37 ga yer maydoni poytaxtdan tashqarida joylashgan. Ushbu maydonlarni Toshkent viloyatiga berish rejalashtirilgan.


Umumiy maydoni 135 ga bo‘lgan Chilonzor va Sergeli tumanlari hududining bir qismi ham Toshkent viloyatiga o‘tadi.


Bundan tashqari, TKHYning chap tomonida joylashgan Uchtepa tumani hududining 453 ga maydoni Toshkent viloyatining Zangiota tumaniga beriladi.


«Bu shahar bilan viloyatning chizig‘ini aniq belgilash uchun qilinmoqda», — deya ta’kidladi Botir Zokirov.

Shuningdek, efirda prezident poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumaniga qarashli, 385 gektar maydonga ega bo‘lgan Ulug‘bek shaharchasini Toshkent viloyatiga berish to‘g‘risidagi taklifni ma’qullagani ma’lum qilindi. Shaharchaning Qibray tumanining ma’muriy markaziga aylanishi kutilmoqda.


Davgeodezkadastr qo‘mitasi raisi Xalilillo To‘raxo‘jayevning ta’kidlashicha, prezident Toshkent viloyatidagi qo‘shni tumanlar va hududlarni o‘zgartirish masalasini ko‘targan. Xabar qilinishicha, bu yerda jami 19 ta anklav hududi mavjud.


Masalan, Qibray tumani hududining 62 ga yer maydonini Bo‘stonliq tumaniga, yana 55 gektarni Yuqorichirchiq tumaniga o‘tkazish bo‘yicha takliflar ma’qullandi. Bo‘stonliq tumanidan 257 ga yer maydoni esa Chirchiq shahriga o‘tkaziladi.


Bundan tashqari, Angren shahridagi 1094 ga yer Parkent tumani, yana 140 ga Ohangaron tumanining bir qismiga aylanadi. Shu bilan birga, Parkent tumani Bo‘stonliq tumanidan 493 ga yer maydonini oladi.


287 gektar yer Pskent tumanidan Bo‘ka tumaniga va o‘z o‘rnida Bo‘ka tumanidan 8 gektar Oqqo‘rg‘on tumaniga o‘tadi.


Rejaga ko‘ra, Yangiyo‘l tumani hududining 196 ga qismi Yangiyo‘l shahrining bir qismiga aylanadi. Umumiy maydoni 296 ga bo‘lgan Yangiyo‘l va Zangiota tumanlari chegaralari temir yo‘l chegaralarini belgilash orqali optimallashtiriladi.


Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 5 avgust kuni Toshkent shahri va Toshkent viloyatining o‘zaro chegaradosh bo‘lgan tumanlari hududlarini o‘zgartirish bo‘yicha tayyorlangan loyihalar taqdimoti bilan tanishgandi. Unda poytaxtdan Toshkent viloyatiga 1010 ga, viloyatdan poytaxtga 10196 ga yer maydoni o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, Toshkent shahrida «Yangi hayot tumani»ni tashkil etilib, unga Sergeli tumanidan 1752 gektar, Bektemirdan 267 gektar, Zangiotadan qariyb 328, Quyi Chirchiqdan salkam 129, Yangiyo‘ldan 263, O‘rta Chirchiqdan 1346 gektar ajratiladi va Yangi hayot tumaninining hududi jami 4085 ga teng bo‘lishi ma’lum bo‘ldi.