Rossiyada tahsil olayotgan chet ellik talabalarga o‘qish paytida ishlash ruxsatnoma yoki patentsiz ishlash huquqi berildi. Yangi buyruq 5 avgust kuni kuchga kirdi, deya xabar berdi Rossiya Federatsiyasi Fan va oliy ta’lim vazirligi.

«Endi ish beruvchi bilan mehnat shartnomasi yoki fuqarolik-huquqiy shartnoma tuzish uchun ular Rossiyada o‘qiyotganliklari to‘g‘risida faqat universitet (kollej) ma’lumotnomasini taqdim etishlari kerak. Bu holda ish beruvchiga chet ellik ishchilarini jalb qilish va ulardan foydalanish uchun ruxsat olish talab etilmaydi», — deyiladi bayonotda.

Ta’lim olgandan keyin (o‘qishni tugatgandan keyin) shartnoma bekor qilinishi kerak, deya qo‘shimcha qildi vazirlik.

Ish beruvchilar davlat akkreditatsiyasiga ega bo‘lgan kasb-hunar ta’limi dasturida kollej va universitetlarda kunduzgi tahsil olayotgan chet ellik talabalarni yollashlari mumkin. Talabalarga o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida, shu jumladan Rossiya Federatsiyasi sub’ekti hududidan tashqarida, ya’gi ular o‘qiyotgan hududdan tashqarida ishlashga ruxsat beriladi.

Ilgari, chet ellik talabalar mehnat ruxsatnomasi yoki patentsiz faqat ta’til kunlari va ularning o‘quv yurtlari asosida ishlash huquqiga ega edilar.