Oltin unsiyasi narxi rekord darajaga ko‘tarildi. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, oltin unsiyasining narxi seshanba kungi kotirovkalarda 2009,13 dollardan oshgan.

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, oltin narxi o‘sishda davom etadi. Oltin narxi o‘sishining asosiy sababi sifatida AQSH obligatsiyalari bo‘yicha salbiy daromadlarning oshishi ko‘rsatilmoqda.

Iyulning ikkinchi yarmidan keyin oltin narxi 11 foizga, yil boshidan esa 33 foizga oshgan.

Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori Otabek Nazirovning fikriga ko‘ra, oltin-valyuta zaxirasini sotish mamlakat iqtisodiyotini qutqarish va ishsizlar soni ortishining oldini olishga yodam beradi.

«Oltin narxi hozir cho‘qqisida, iqtisodiy faollik esa juda past, o‘ylaymanki aynan hozir oltin-valyuta zaxiralarini sotish va undan tushgan mablag‘larni iqtisodiyotni keyingi pasayishdan va ishsizlar sonining ko‘payishidan qutqarishga sarflash kerak», — deya o‘z fikrini bildirgan Otabek Nazirov Facebook dagi sahifasida.

Eslatib o‘tamiz, yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston tomonidan oltin eng ko‘p eksport qilingan (31,9 foiz). Mamlakat oltin-valyuta zaxiralari hajmi esa yil boshidan beri 11 foizga oshib, 32,331 mlrd AQSH dollariga teng bo‘ldi.