Toshkent Ichki ishlar bosh boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan yuqori voltli elektruzatish tarmog‘i ustuniga chiqib olgan ayol tasvirlangan videoyozuv yuzasidan ma’lumot berdi.

Xabar qilinishicha, 6 avgust kuni Olmazor tumanida xizmat olib borgan profilaktika inspektorlari A. Karimov va Z. Jabborberganovlar hamda patrul-post xizmati avtoekipaji xodimlari Kichik xalqa yo‘li ko‘chasida yuqori voltli elektruzatish tarmog‘i ustuniga chiqib olgan ayolni ko‘rib qolishdi. Ayol atrofdagilarga o‘zini tepadan tashlab, o‘z joniga qasd qilmoqchiligini aytgan.

IIBB xodimlari shu atrofda bo‘lgan Sergeli tumani 8-son yong‘in-qutqarish qismi mutaxassisi safdor Sherzodbek Nurmuhamedov bilan ayolning yoniga chiqib, uni pastga tushirgach, Olmazor tumani IIO FMB 6-son IIBga yetkazishdi. Ayolning Farg‘ona viloyatidan 36 yoshli D.U. ekani hamda vaqtinchalik poytaxtning Olmazor tumanida yashab kelgani aniqlandi. Hozirgi vaqtda psixolog ayol bilan ish olib bormoqda.