Markaziy bank aholining moliyaviy savodxonligini oshirish maqsadida Finlit.uz axborot-ta’lim resursini ishga tushirdi. Bu haqda moliyaviy regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur loyiha oldiga mamlakat aholisi tomonidan moliyaviy xizmatlarni tanlash va ulardan foydalanish, shuningdek, oqilona va mas’uliyat bilan moliyaviy qarorlar qabul qilish hamda moliya bozoridagi imkoniyatlarni to‘g‘ri baholashga yordam beruvchi bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish vazifalari qo‘yilgan.

Axborot-ta’lim veb-sayti quyidagi bo‘limlardan iboratdir:

  • Maqolalar — moliya bozorining turli sohalari va mahsulotlarini qamrab oluvchi dolzarb axborot materiallari (omonatlar, kreditlar, byudjetni rejalashtirish, to‘lovlar va o‘tkazmalar, moliya bozori, pul-kredit siyosati, valyutani tartibga solish va moliyaviy xizmatlar iste’molchilari huquqlarini himoya qilish);
  • O‘quv materiallari — iqtisod, bank va moliya sohasiga oid atamalarni o‘z ichiga oluvchi lug‘at, moliyaviy savodxonlik bo‘yicha kitoblar hamda ta’lim videomateriallari;
  • Interaktiv xizmatlar — depozit va kredit kalkulyatorlari, ko‘p beriladigan savollar, so‘rovlar va boshqalar;
  • Loyihalar — aholining moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan tadbirlar anonsi va relizlari.

Ta’kidlanishicha, materiallarda berilgan ma’lumotlar tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lib, ular moliyaviy savodxon shaxsning xulq-atvori va ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan.

Sayt tarkibi dastlabki bosqichda bo‘lib, kelgusida doimiy ravishda yangilanib, takomillashtirib boriladi.