Toshkent shahrida COVID-19 ga gumon qilingan yoki kasallangan bemorlarga tezkorlik bilan malakali tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida 4 ta saralash va taqsimlash markazi tashkil qilindi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Saralash va taqsimlash markazlari quyidagi manzillarda joylashgan:

  • 814 o‘rinli «O‘zekspomarkaz» 1−2 paviloni (Yunusobod tumani, Amir Temur shoh ko‘chasi, 107-uy);
    Google Xarita bo‘yicha aniq manzil;
  • 1000 o‘rinli «O‘zekspomarkaz» 3−4 paviloni (Yunusobod tumani, Amir Temur shoh ko‘chasi, 107-uy);
    Google Xarita bo‘yicha aniq manzil;
  • 750 o‘rinli «Universal» sport majmuasi (Yunusobod tumani, Korxojiota ko‘chasi, 2A-uy);
    Google Xarita bo‘yicha aniq manzil;
  • 520 o‘rinli «Yoshlik» sport majmuasi (Shayxontohur tumani, Paxtakor ko‘chasi, mo‘ljal: «Paxtakor» metro bekati).
    Google Xarita bo‘yicha aniq manzil.

Qayd etilishicha, ushbu markazlarda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarga sifatli yordam ko‘rsatish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Saralash va taqsimlash markazlarida jami 3 084 ta o‘rin tashkil qilingan. Ushbu markazlar o‘z faoliyatini boshlaganidan buyon 3777 nafar bemor murojaat qilgan bo‘lib, shundan 2688 nafari yotqizilgan, 1336 nafari esa sog‘ayib, uylariga yuborilgan.

Hozirda «COVID-19» bilan kasallangan bemorlarni saralash va taqsimlash markazlarida 1 843 ta bo‘sh o‘rin мавжудлиги ma’lum qilindi.

Shuningdek, o‘zida «COVID-19» alomatlarini sezgan yoki bu kasallikka chalingan fuqarolar ushbu maskanlarga tez tibbiy yordam mashinasida, oilaviy poliklinika qoshidagi mobil brigada yordamida yoki o‘zlari borishlari mumkin bo‘ladi.

«Ushbu markazlarga murojaat qilgan har bir bemorga shifokorlarimiz tomonidan malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Bordi-yu, kasallik yengil, alomatlarsiz kechayotgan bo‘lsa, bunday bemorlarga kerakli dori vositalari va tavsiyalar berilib, ular uyda davolashga o‘tkazilmoqda», — deyiladi xabarda.