Mash nashri tomonidan suratga olingan «Cho‘ldagi ulkan migrantlar lageri ichida» video reportaj 5 avgust kuni Youtube ga joylashtirildi.

Videoda Samara viloyatidagi Rossiya-Qozog‘iston chegarasi yaqinida paydo bo‘lgan lagerda o‘zbekistonlik muhojirlar — erkaklar, ayollar va bolalar — qo‘lbola yasalgan palatkalarda o‘tirib, Qozog‘iston orqali poyezdda ketish imkoniyatini kutayotgani suratga olingan.

Videoda o‘nlab odamlar 25 kun davomida hech qanday yashash sharoitisiz ochiq joyda qanday hayot kechirayotgani haqida hikoya qilinadi. Ma’lum qilinishicha, vatandoshlarga yaqin atrofdagi Bolshechernigovskaya masjidiga qatnovchilar ovqat va suv bilan yordam berishmoqda. Shu bilan birga, ba’zi odamlar shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj va hamma uyga borishni kutmoqda ekani ma’lum bo‘ldi.

Mash nashri tomonidan tayyorlangan reportajda ta’kidlanishicha, avtomagistralda paydo bo‘lgan lager yonida Bolshechernigovskiy tumani ma’muriyati tomonidan qurilgan va barcha sharoitga ega lager joylashgan. U yerda shifokorlar bor va ular tibbiy yordamga muhtojlarga qo‘ldan kelgancha yordam berishmoqda. Ammo ko‘plab muhojirlar qulayroq lagerga ko‘chib o‘tish istagida emas, chunki bu ularning chegarada qolib ketish ehtimolini oshirishi mumkin deb o‘ylashadi.

Aytilishicha, muhojirlar o‘rindiqlar ajratish va O‘zbekistonga poyezd chiptalarini sotishda korrupsiya holatlari haqida ma’lum qilishmoqda. Har kuni lagerdagilarning ro‘yxati tuzilardi va shu ro‘yxat bo‘yicha odamlarni uylariga jo‘natishlari kerak edi. Ro‘yxatdan o‘tganlar avtobuslarga joylashtirilib, Samara temir yo‘l vokzaliga olib borilardi. Ammo poyezdga chipta narxidan ko‘proq pul to‘laganlarga ruxsat berilib, ro‘yxatdagi odamlarni esa yana lagerga qaytarilishi ma’lum qilindi.

Videoda gapirganlarning ma’lum qilishicha, dastlab chipta narxi 4500 rubl, keyin esa 9500 rublga ko‘tarildi. Shuningdek, chiptalar ko‘proq pul berganga sotilgani bildirildi. Muhojirlar kim chipta va o‘rindiqlar ajratishi kerakligini bilishmaydi. Lagerda yashab kelayotgan vatandoshning so‘zlariga ko‘ra, lagerni tark etganlarni avtobuslarga joylab, ularga raqamlar berilgan — avtobus raqami va o‘rindiq raqami, lekin keyin ularni qaytadan lagerga olib kelishgan. Ro‘yxat bo‘yicha ketishi kerak bo‘lganlar o‘rniga lagerdan kelmagan odamlar poyezdga qo‘yilmoqda.

Shuningdek, muhojirlarning Mash muxbirlariga ta’kidlashicha, lagerga qandaydir bloger yoki jurnalist kelib, bo‘sh joy haqida video suratga olib, lager endi bo‘sh va hech kim qolmagani haqida aytgan.

«Mahalliy aholi ularga kelgan odamlarni, muhojirlarni yaxshi bilishadi … Mahalliy ma’muriyat qo‘lidan kelganicha yordam bermoqda», — deyiladi videoda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Samara viloyatining Bolshechernigov tumanida to‘plangan 1000 ga yaqin O‘zbekiston fuqarolari o‘z hisobidan 7 avgust kuni ertalab ular uchun tashkil etilgan poyezdda uylariga qaytishga tayyor ekanligi haqida xabar berilgandi. Lekin, poyezd jo‘nab ketish sanasi va boshqa tartibiy tafsilotlar noma’lum bo‘lib qolmoqda.