Deputat Rasul Kusherbayev Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan qo‘zg‘atilgan UzAuto Motors faoliyatining «Raqobat to‘g‘risida» gi qonun talablariga muvofiqligi, ishlab chiqarilayotgan avtomobillar uchun narxlarni shakllantirishni o‘rganish to‘g‘risidagi ishning muhokamasi haqida ma’lumot berdi. Muhokama videokonferensiya orqali bo‘lib o‘tdi.

Avvalroq, Liberal-demokratik partiyasining bir guruh deputatlari Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga tekshirish natijalari to‘g‘risidagi ma’lumot berilishi borasida so‘rov yuborganini yozgani haqda xabar bergan edik.

Rasul Kusherbayevning ta’kidlashicha, Tekshirish jarayonida qonun buzilishi alomatlari, ya’ni avtomobillarning amaldagi narxlarini shakllantirishda ayrim xarajatlarni oshirib kiritganligi natijasida monopol tomondan yuqori narx qo‘llanilishi alomatlari mavjudligini tasdiqladi.

Birinchidan, avtomobillarning bazaviy narxini shakllantirishda normalanadigan xarajatlarni, ya’ni butlovchi qism va materiallar narxini oshirib kiritgan. Ikkinchidan, avtomobillarning bazaviy narxini shakllantirishda o‘tgan yilning 9-oylik hisobot ko‘rsatkichlari inobatga olish oqibatida normalanmaydigan xarajatlarning oshishi kuzatilgan. Uchinchidan, reklama va boshqa xarajatlar asossiz ravishda kiritilgan. Undan tashqari, kreditlar bilan bog‘liq xarajatlar noto‘g‘ri kiritilgan.

Shu bilan birga, avtomobillarni iste’molchilarga sotishda ba’zi bir dilerlarga imtiyoz va preferensiyalar berilib, ular boshqa dilerlar bilan taqqoslaganda ustun mavqega ega bo‘ldi va yangi dilerlar bilan shartnomalar tuzishda shartnoma predmetiga aloqador bo‘lmagan shartlar qo‘yilishi kuzatilgan, deb yozadi deputat. Bu qisqa muddatda sotilgan avtomobillarning aksariyat qismi kam sonli ayrim dilerlar orqali sotilishiga sabab bo‘lgan.

Yangi dilerlarning bozorga kirishiga sun’iy to‘siqning namunasi sifatida Rasul Kusherbayev yangi dilerlar uchun 10 mlrd so‘m miqdorida avans to‘lash talabini ta’kidlaydi, ammo mavjud dilerlar uchun bunday talab yo‘q.

Shuningdek, tekshiruvlar shuni ko‘rsatdiki, maxsus aksiyaga tushgan avtomobillarni muddatli to‘lov asosida sotishni UzAuto Motors AJ o‘zi ta’sischiligidagi Autosanoat Invest MCHJ orqali amalga oshirish tizimini shakllantirgan. Bunda boshqa dilerlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri bu ishni amalga oshira olishmay, sun’iy to‘siq qo‘yilgan.

Deputatning aytishicha, «kutilganidek», UzAuto Motors AJ bularni tan olmay qo‘shimcha hujjatlar bilan tanishib chiqib, ish mazmuniga ta’luqli materiallarni taqdim etishini bildirib o‘tdi. Shu sababli ishni ko‘rishni yaqin kunlarda davom ettirishga qaror qilindi.

Shuningdek, Rasul Kusherbayev parlament nazorati ko‘rinishidagi investitsiya va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Laziz Qudratovga avtomobillarga import bojlari va aksiz solig‘ini kamaytirish hamda import qilinadigan avtomashinalarni sertifikatlash va iqlim sinovlarini o‘tkazish tartibini soddalashtirish masalasi bo‘yicha parlament so‘rovi yuborilganligi to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Mart oyi boshida UzAuto Motors Chevrolet modellarining yangi narxlarini e’lon qilgan edi. Bunda Damas, Spark, Nexia, Cobalt va Lacetti avtomashinalari narxi ko‘tarildi.

Avvalroq Rasul Kusherbayev avtomobil ishlab chiqaruvchisini Damas tez yordam mashinalarini yuqori narxda sotayotganlikda tanqid qilgan edi. Bunga javoban kompaniya xayriya faoliyatiga 37 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni xayriya qilganini va deputatlar tomonidan ishlab chiqilgan «Xayriya to‘g‘risida» gi qonundagi cheklovlar tufayli ko‘proq mablag‘ ajratolmayotganini e’lon qildi.