Global iqlim isishi ko‘plab shaharlarda haroratni pasaytirish va odamlarni undan himoya qilishning yangi usullarini topishga zarurat tug‘dirmoqda, deya yozadi YUNEP (Birlashgan millatlar tashkilotining Atrof-muhit bo‘yicha dasturi).

«Sovutishning, ayniqsa, harorat yuqori bo‘lgan shaharlarda muhim ekani ko‘rinmoqda. Buning ahamiyati „issiqlik oroli“ ta’siriga tushgan shaharlarda yanada kuchlidir — beton va asfalt quyosh energiyasini o‘ziga tortib, uni issiqlik shaklida qayta chiqaradi va quyosh botgandan keyin ham uzoq vaqt saqlab turadi. Shuningdek, dvigatellar va boshqa energiya sarflaydigan transport uskunalari, sanoat va bino ichidagi sovutish chiqindilarining isishi shaharlardagi haroratni ko‘taradi», — deyiladi xabarda.

Shahardagi sovutish uchun standart yechim — konditsionerlar sonining o‘sishi bo‘lsa-da, ammo bu yondashuv, o‘z o‘rnida, muammolarga olib keladi, deya ta’kidlashadi mutaxassislar. Jumladan, energiya sarflaydigan sovutish tizimlari yer va iqlim isishiga hissa qo‘shadi. Sovutish moslamalarining soni bugungi kundagi 3,6 milliarddan 2050 yilga kelib 9,5 milliard donaga ko‘payishi kutilmoqda.

YUNEP mutaxasisslari shahar miqyosidagi chora-tadbirlar issiqlik oqibatlarini sezilarli darajada kamaytirishini bildirishdi. Odatda, quyoshli yoz kunlarida quyosh nurining 80 foizini qaytaradigan toza oq tomlar quyosh nurining atigi 20 foizini aks ettiradigan kulrang tomlarga nisbatan 30 daraja sovuqroq bo‘ladi. Xalqaro energiya agentligining hisob-kitoblariga ko‘ra, tuzilishi yaxshi o‘ylangan shaharlar isitish va sovutish uchun ishlatadigan energiyaning 25 foizini tejashi mumkin.

«YUNEP shaharsozlik va loyihalashtirish ishlariga tabiatni qaytarish imkoniyatlarini ko‘rib chiqadi, — deydi YUNEPning shaharlar bo‘yicha ish boshqaruvchisi Martina Otto. — Bir-biriga bog‘langan yashil bo‘shliqlar, fasadlar va tomlarni ko‘kalamzorlashtirish hamda passiv loyihalashtirish orqali shaharlar an’anaviy qurilishni modernizatsiya qilishi va haroratni pasaytirishi mumkin».

Misol tariqasida YUNEP axborotida Avstraliyadagi Melburn ma’muriyatining qarorini keltirmoqda. Unga ko‘ra, shaharda havo sifatini yaxshilash, soyalarni yaratish va mexanik sovutishga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirish uchun shahar o‘rmonlarini ommaviy ravishda kengaytirish rejalashtirilmoqda. Milanda esa 2030 yilga kelib shahar haroratini 2 darajaga tushirish uchun uch million tup ko‘chat ekish rejalashtirilmoqda.