O‘zbekistonlik futbolchi, Rossiyaning «Ufa» futbol klubi o‘yinchisi Oston O‘runov rasman «Spartak» klubiga o‘tdi. Bu haqda klubning rasmiy saytida xabar berildi.

Xabarda qayd etilishicha, 19 yoshli futbolchi FK «Spartak-Moskva» bilan uzoq muddatli shartnoma tuzgan. U 20-raqam ostida to‘p suradi. Transfer summasi e’lon qilinmaganiga qaramay, «Spartak-Moskva» O‘runov uchun 2 mln yevro berishga tayyorligi haqida Sports.ru nashri xabar bergandi. Shu bilan birga, o‘zbekistonlik yosh futbolchi yiliga 600 ming yevro maosh olishi ma’lum bo‘ldi.

«Joriy yilning bahorida Oston „Ufa“ jamoasi uchun Rossiya professional ligasida (RPL) hujumkor yarim himoyachi sifatida 10 ta o‘yin o‘tkazdi, o‘zining yuqori tezligi va ajoyib driblingi bilan ajralib turdi. Ostonni qutlaymiz va unga Spartakda o‘zini muvaffaqiyatli namoyish etishini tilaymiz!», — deyiladi xabarda.

Oston O‘runov o‘zining birinchi mashg‘ulotidan so‘ng intervyu berdi.

«Meni bu yerda juda yaxshi kutib olishdi, bu yerda zo‘r jamoa. Tezroq jamoaga kirishishimga umid qilaman. Endi „qizil-oqlarda“ („Spartak-Moskva“ futbol klubining ranglari — tahr.) 35 millionlik muxlislari paydo bo‘ldi desak bo‘ladi. Bu bizning mamlakatimizning butun aholisi», — dedi yosh futbolchi.

Ma’lumot uchun, O‘runov Namanganning «Navbahor» va Toshkentning «Lokomotiv» jamoalarida to‘p surgan. Yosh futbolchi O‘zbekiston Superligasida jami 55 ta o‘yin o‘tkazgan. U turli yosh toifadagi O‘zbekiston milliy terma jamoalariga chaqirilgan va 2019 yilda yozida asosiy terma jamoada o‘z debyutini o‘tkazgan.