O‘zbekiston hukumatining 4 avgustdagi qarori bilan markaziy va oilaviy poliklinikalar negizida tashkil etiladigan maxsus poliklinikalar («COVID markaz») xodimlarini har oylik moddiy rag‘batlantirish to‘lovlari belgilandi, deya xabar qildi Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Hujjatga muvofiq, COVID markazlari xodimlarining lavozim maoshiga 6 foiz miqdorida har kunlik qo‘shimcha to‘lovlar o‘rniga har oy quyidagi miqdorlarda rag‘batlantirish to‘lovlari to‘lanadi:

  • vrach xodimlarga — 2,5 mln so‘m;
  • o‘rta tibbiyot xodimlariga — 1,5 mln so‘m;
  • kichik tibbiyot xodimlariga — 1 mln so‘m;
  • boshqa xodimlarga — 500 ming so‘m.

Koronavirusga qarshi kurashish davrida tibbiyot, sanitar-epidemilogiya va boshqa xizmatlar xodimlarining lavozim maoshlariga 6 foizlik ustama prezidentning 19 martdagi farmoniga binoan joriy etilgan edi.

Avvalroq tez tibbiy yordam xodimlariga kuchaytirilgan karantin davrida kunlik to‘lov o‘rniga har oylik ustama belgilangan edi.

Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 17 iyulda Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasidan koronavirus bemorlarini davolayotgan, shuningdek, karantin tadbirlariga jalb etilgan tibbiyot va boshqa xodimlarga rag‘batlantirish to‘lovlari hamda 6 foizlik ustama uchun 301 mlrd so‘m ajratilgan edi.