Los-Andjelesdagi (AQSH, Kaliforniya) Gollivud tepaliklarida joylashgan umumiy qiymati 18,9 mln dollarlik uchta villa bir vaqtda sotuvga qo‘yildi. Variety nashrining xabar qilishicha, ob’ektlar boshqa kompaniyalar vositasida O‘zbekistonning birinchi prezidentining kichik qizi Lola Karimova-Tillayeva va uning turmush o‘rtog‘i Timur Tillayevga tegishli.

Ob’ektlarning narxlari 5,995 mln dollardan 6,495 mln dollargachani tashkil etadi. Ular 2014 yilda alohida shartnomalar orqali 16,1 mln dollarga sotib olingan. Taxminlarga ko‘ra, oila villalardan yashash uchun foydalanmagan va ularni ijaraga bergan.

Variety nashrining qayd etishicha, ro‘yxatdagi eng qimmat ko‘chmas mulkka — narxi qariyb 6,5 mln dollar — 2007−2014 yillarda Amerika futboli sobiq o‘yinchisi Reji Bush egalik qilgan va u yerda bir muddat Kim Kardashyan (juftlik 2010 yilda ajrashgan) bilan yashagan. Uch qavatli villada lift, kinoteatr, oshxona va spa-salonli basseyn mavjud. Ob’ektning asosiy o‘ziga xosligi esa tevarak-atrofning panoramali manzarasidir.

Ikkinchi va uchinchi uylar mos ravishda 6,4 mln va 6 mln dollarga baholanmoqda.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Lola Karimova-Tillayeva va Timur Tillayev 2013 yilda 33 mln dollarga sotib olingan Beverli-Xillzdagi 4,4 ga maydonda barpo etilgan hashamatli koshonada istiqomat qilishadi.

Foto: Instagram/Lola Karimova-Tiillyaeva.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, oila Parij va Shveysariyadagi ko‘chmas mulklarga ham egalik qiladi. Jumladan, Jenevaning eng gavjum ko‘chalaridan biridagi saroy 47 mln dollarga sotib olingan.

Variety nashrining yozishicha, Tillayevlarning boyligi «Abu Saxiy» savdo markaziga eaglikdan (hozirda Tashkent Trade Center egalik qiladi) keladi. Xabarlarga ko‘ra, 2013−2014 yillarda savdo markazi ularga 127 mln dollar daromad keltirgan. Reuters xabarida «Abu Saxiy» egaligi 2017 yilda o‘zgargani aytiladi.

2018 yil mart oyida «O‘zbekiston 24» telekanali 2016−2017 yillarda O‘zbekiston davlat byudjetiga Toshkentdagi sobiq «Abu Saxiy» bozori daromadidan 439 mlrd so‘m (o‘sha vaqtdagi MB kursi bo‘yicha 54 mln dollar) miqdoridagi mablag‘ kelib tushmagani haqida xabar qilgan edi. «Toshkent savdo markazi» etib qayta tashkil etilib, xorijlik investor (AKA PETROLEUM, Germaniya) jalb etilganidan so‘ng tushumlarning ortgani ma’lum qilindi.