Sirdaryo viloyatida ko‘p qavatli uylarning qurilishida jami miqdorda 2,482 mlrd so‘m byudjet mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlandi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinnov ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Oqoltin tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, «Qishloq qurilish invest» MCHJ IK Sirdaryo viloyati filiali va «S.S.» MCHJ mansabdor shaxslari o‘zaro til biriktirib, Oqoltin tumani «Ko‘rkam diyor» massivida 1 ta ko‘p qavatli uy-joyning qurilganligi haqidagi hujjatlarga haqiqatda bajarilmagan 949 mln so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlarini qo‘shib yozish orqali byudjet mablag‘lari talon-toroj qilinganligi aniqlangan.

Shu kabi, «Y.N» MCHJ tomonidan massivdagi 1 ta ko‘p qavatli uy-joyning qurilganligi haqidagi hujjatlarga haqiqatda bajarilmagan 586 mln so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlarini qo‘shib yozish orqali byudjet mablag‘lari talon-toroj qilinganligi aniqlangan.

Bundan tashqari, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yangiyer shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, «Qishloq qurilish invest» MCHJ IK Sirdaryo viloyati filiali va «S.M.» MCHJ mansabdor shaxslari o‘zaro til biriktirib, Xovos tumani «Xovos markazi» massivida 1 ta ko‘p qavatli uy-joyning qurilganligi haqidagi hujjatlarga haqiqatda bajarilmagan 947 mln so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlarini qo‘shib yozish orqali byudjet mablag‘lari talon-toroj qilinganligi aniqlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holatlar yuzasidan «Qishloq qurilish invest» MCHJ IK Sirdaryo viloyati filiali mansabdor shaxslari va jamiyat rahbarlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.