Buxoro aeroporti direktori Tohir Bahronov 61 yoshda hayotdan ko‘z yumdi, deya xabar qildi Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati. Hokimiyatdan “Gazeta.uz"ga tasdiqlanishicha, unga koronavirus tashhisi qo‘yilgan edi.

Tohir Bahronov 1959 yil 21 aprelda Buxoro shahrida tavallud topgan. 1986 yilda Buxoro davlat pedagogika instituti, 1996 yilda Sankt-Peterburg fuqaro aviatsiyasi akademiyasini sirtdan o‘qib tugatgan.

Mehnat faoliyatini 1976 yilda Buxoro suv xo‘jaligi boshqarmasi kinomexanigi yordamchisi sifatida boshlab, Buxoro “XATP-11” avtokorxonasi haydovchisi (1977−1978), Buxoro aviaotryadining tashish bo‘limi dispetcheri (1980−1982), Buxoro shahar aviaagentligi boshlig‘i (1982−1985), Buxoro aeroporti yo‘lovchilar tashishni tashkil qilish xizmati boshlig‘i, direktor o‘rinbosari (1985−1997) lavozimlarida ishladi.

1997 yilda “Buxoro xalqaro aeroporti” DUK direktorligiga tayinlandi. Shuningdek, O‘zbekiston Oliy Majlisi deputati (1999−2004), Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi deputati (2014−2019), O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati a’zosi (2014−2019) sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

1 avgust kuni Samarqand viloyati Toyloq tumani prokurori Farhod Abduxoliqovning o‘limi to‘g‘risida xabar қилинgaн edi. O‘zA ma’lumotlariga ko‘ra, unda ham koronavirus aniqlangan.

31 iyul kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi sudyasi Xayriddin Shermuhammedov ham koronavirusdan vafot etdi. Uning raisligi ostida Ahmad Tursunboyev (“Ahmadboy”) ishi bo‘yicha sud jarayoni bo‘lib o‘tgan edi.