AQSH prezidenti Donald Tramp mamlakatda TikTok va Xitoyning boshqa dasturlari va xizmatlarini taqiqlashini rasman e’lon qildi. Agar TikTok AQSH kompaniyasi tomonidan sotib olinadigan bo‘lsa, ilova mamlakatda ishlashni davom ettirishi mumkin va bunda bitimdan tushgan mablag‘ning bir qismi AQSH G‘aznasiga tushishi shart qilib qo‘yildi. Bu haqda Bloomberg ma’lumotlariga tayangan holda TJournal xabar berdi.

Tramp TikTok 15 sentyabrgacha «Microsoft yoki boshqa juda amerikalik kompaniya» tomonidan sotib olinsa, uning faoliyat ko‘rsatishiga rozilik berishini ta’kidladi. Biroq, kelishuvga ko‘ra, AQSH G‘aznasi ham hisobga olinishi, unga «ko‘p pul tushirilishi» kerak deyildi. Agar muddatidan oldin kelishuvga erishilmasa, u holda TikTok mamlakatda taqiqlanadi.

Ilk bor AQSHda TikTok ni taqiqlash haqida iyul oyida gapira boshlashdi. Keyinchalik Financial Times xizmat AQSH savdo vazirligi tomonidan Huawei singari qora ro‘yxatga olinishi kutilayotgani haqida xabar berdi.

Avvalroq, 31 iyul kuni Bloomberg va New York Times turli manbalarga tayangan holda, Microsoft korporatsiyasi TikTok ning AQSHdagi qismini sotib olish bo‘yicha muzokaralar olib borayotganini aytdi. Shu kuni Tramp mamlakatda xizmatni «zudlik bilan» taqiqlashi haqida e’lon qildi.

3 avgustga o‘tar kechasi Microsoft TikTok biznesining bir qismini sotib olish rejalarini rasman tasdiqladi. Agar tomonlar kelishuvga erishsa, kompaniya nafaqat xizmatning AQSHdagi qismini, balki Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiyadagi bo‘linmalariga ham ega bo‘ladi.

Microsoft bosh direktori Satya Nadella allaqachon Donald Tramp bilan suhbat qilganini ma’lum qildi. Kompaniya TikTok sotib olgan taqdirda barcha foydalanuvchi ma’lumotlarini AQSHga ko‘chirishga va shuningdek, ma’lumotlar chet el serverlaridan o‘chirilganligiga ishonch hosil qilishga va’da qildi.

TikTok — bu Pekinda joylashgan ByteDance ga tegishli bo‘lgan qisqa videolavhalar yaratish va ko‘rish xizmati. Ikki yil oldin ushbu xizmatning auditoriyasi kuniga 800 mln kishini tashkil etgan, ammo TikTok foydalanuvchilar soni to‘g‘risida rasmiy ma’lumot bermayapti, deb yozadi VC.ru.

Masalan, Buyuk Britaniyada TikTok ning faol foydalanuvchilari soni oyiga 3,7 mln dan oshadi, videolar tomosha qilishning o‘rtacha ko‘rsatkichi 5 mlrd ga teng. Fransiyadagi foydalanuvchilar soni 4 mln dan oshadi, ularning har biri ushbu ilovada kuniga 40 daqiqa sarflaydi.

Ushbu xizmatning O‘zbekistonda ommalashuvi o‘tgan yil kuzida qayd etilgan edi. TikTok yuklab olishlar soni bo‘yicha birinchi beshlikka kirgan edi, deya xabar beradi Spot.uz. Iyul oyi o‘rtalariga kelib, TikTok mamlakatda ham iOS, ham Android foydalanuvchilari orasida eng ko‘p yuklab olingan dasturga aylangan.