IIV huzuridagi Tergov departamenti ijtimoiy tarmoqlarda: «Xorazm viloyati Gurlan tumanida „samosud“» nomi ostida tarqalgan videoyozuv bo‘yicha ma’lumot berdi.

Aniqlanishicha, 24 iyul kuni soat taxminan 12:00 larda 26 yoshli I.O. (erkak) o‘zining tanishi 20 yoshli Yu.T.,(ayol) bilan uchrashgan. Bu holatni I.O.ning turmush o‘rtog‘i 24 yoshli M.S.(ayol)ning dugonalari ko‘rib qolgan va telefon orqali bu haqda M.S.ga xabar berib, uni chaqirishgan. Ayollar Yu.T.ni ushlab olib, turli xil uyatli so‘zlar bilan xaqoratlab, janjal qilishgan. M.S. esa Yu.T. tanasining turli joylariga urib, unga tan jarohati yetkazgan.

Foto: Tergov departamenti

Tergov departamentining ma’lumotiga ko‘ra, ushbu janjal vaqtida M.S.ning dugonalaridan biri o‘zining uyali telefon apparati orqali videotasvirga olib, keyinchalik mazkur videolavhani Telegram messenjeri orqali ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib yuborgan.

«Hozirda mazkur holat yuzasidan Gurlan tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda», — deyiladi xabarda.