Rossiyada to‘rtinchi haftadirki, Xabarovsk viloyati gubernatori Sergey Furgalni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda. Norozilik ishtirokchilari rasmiylardan qotilliklarni uyushtirishda ayblangan viloyatning sobiq rahbarini qo‘yib yuborish hamda uning o‘rniga tayinlangan Mixail Degtyarevni ishdan bo‘shatishni talab qilishmoqda.

Qisqacha tarix

9 iyul kuni Rossiya Tergov qo‘mitasi Xabarovsk o‘lkasi gubernatori, Liberal-demokratik partiya a’zosi Sergey Furgalning hibsga olganini e’lon qildi. Moskvadagi Tergov qo‘mitasiga olib kelingan Furgal u yerda 2004−2005 yillarda Amur viloyati va Xabarovsk hududida tadbirkor Evgeniy Zori va Oleg Bulatovga suiqasd hamda qotillik uyushtirishda ayblangan, deb yozadi RBK.

Sergey Furgalga qarshi ko‘rsatmalarni o‘tgan yili bu ish bo‘yicha hibsga olingan va hozirda «Lefortovo» tergov hibsxonasida saqlanayotgan uning sherigi Nikolay Mistryukov ham ko‘rsatgan.

Bunday jinoyatlar uchun umrbod qamoq jazosi belgilanishi ham mumkin. Biroq, bu holatda eng katta jazo tayinlanishi mumkin emas, chunki gap 2004−2005 yillardagi jinoyatlar haqida ketmoqda, muddati o‘tgan, og‘ir jinoyatlarga nisbatan 15 yillik jazo tayinlanishi mumkin. Bunday holda, sud ishni o‘z xohishiga ko‘ra to‘xtatishi ham mumkin. Har bir jinoyati uchun Furgal 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Ertasi kuni Furgal Moskvaning Basmanniy sudiga olib borildi, sud ishining bir qator ishtirokchilariga tahdid qilinganligi sababli jarayon yopiq eshiklar ortida o‘tdi. Sud Sergey Furgalni 9 sentyabrgacha hibsga oldi. Uning o‘zi aybni tan olmadi.

LDPR rahbari Vladimir Jirinovskiy hech qachon Furgalni partiyadan chiqarib yubormasligini aytdi. Bundan tashqari, u Furgalaning hibsga olinishini qoraladi va o‘z partiyasiga norozilik sifatida Davlat Dumasini tark etishi mumkinligi haqda ogohlantirdi.

Norozilik namoyishlari

11 iyul kuni Xabarovsk aholisi Furgalni qo‘llab-quvvatlash uchun birinchi norozilik namoyishini o‘tkazishdi. Turli manbalarga ko‘ra, aksiyada 5000 dan 35 minggacha odam ishtirok etgan. Mitinglar, shuningdek, Komsomolsk-Amur va Xabarovsk o‘lkasining boshqa shaharlarida ham bo‘lib o‘tdi. Fuqarolar Furgalni Moskvada emas, balki Xabarovskda sud qilinishini talab qilishdi. Shundan so‘ng mitinglar har kuni, ba’zida kuniga ikki marta o‘tkazila boshlandi va Moskva, Sankt-Peterburg, Vladivostok, Yujno-Saxalinsk va Komsomolsk-Amur shaharlari aholisi ham Xabarovskga qo‘shilishdi.

Eng katta norozilik namoyishlaridan biri 18 iyul kuni bo‘lib o‘tdi. Rasmiylarga ko‘ra, mitingda 10 ming kishi ishtirok etgan. Mahalliy ommaviy axborot vositalari va faollar xabariga ko‘ra, Xabarovsk ko‘chalarida 50 mingga yaqin odam namoyishga chiqdi. O‘tgan shanba, 25 iyul kuni shahar ma’muriyati navbatdagi miting ishtirokchilari sonini 6500 kishi deb, mahalliy ommaviy axborot vositalari esa 15000 dan 20000 kishigacha deb baholadi.

Mitinglar yuzasidan xavotirga qaramay, Kreml ularni to‘xtatish uchun kuchli choralar qo‘llamoqchi emas, chunki bunday harakatlar yanada kuchli siyosiy inqirozga olib kelishi mumkin, deb xabar berdi RBK Bloomberg ma’lumotlariga tayangan holda.

Furgalning o‘zi bunday ta’qiqlangan harakatlarni ma’qullamaydi, ammo u mitinglarda ishtirok etgan ruslardan uni qo‘llab-quvvatlaganlari uchun minnatdor ekanligini bildirgan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 20 iyul kuni Furgalni ishdan bo‘shatdi. U, shuningdek, Liberal-demokratik partiyasi a’zosi bo‘lgan Mixail Degtyarevni vaqtincha viloyat rahbari vazifasini bajaruvchi qilib tayinladi.

Xalq Degtyarevga qarshi

Namoyishchilar uning yangi lavozimga tayinlangani haqidagi xabarlardan keyin «Jamadon — stansiya — Samara», «Degtyarev — uy» degan shiorlarini aytib baqira boshlashdi. Mixail Degtyarev tayinlanganidan deyarli bir hafta o‘tib, namoyishchilar bilan uchrashdi. U soat 22:00 dan keyin Lenin maydoniga bordi, u yerda bu payt bir necha o‘nlab odamlar qolgan edi. Degtyarev ish safaridan endigina qaytganligini va ilgari bu yerda bo‘lish imkoniyati bo‘lmaganligini aytdi. Shu bilan birga, u 5000−6000 kishi bilan gaplasha olmasligini, chunki uni hech kim eshitmayotganligini ta’kidlagan.

«Moskva barchani eshitadi, shuning uchun mintaqa kuchsiz qolmasligi uchun sizga vaqtincha murojaat qildi. Men Furgal haqida takror aytaman: u mening o‘rtog‘im, partiyaning boshqa a’zosi, men uning taqdiridan juda xavotirdaman, partiya unga yordam berib, unga ovqat beradi.

Kremlda Degtyarevning faoliyatiga «juda harakatchan» deb baho berishdi, ammo uni umumiy baholash uchun juda erta ekanligini ta’kidlashdi. Prezidentning matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Xabarovsk hududidagi vaziyat «tinchlanmoqda».

Xabarovsk o‘lkasi sobiq rahbarining oilasi advokat xizmatlari uchun pul to‘lash uchun mablag‘ to‘playotganini e’lon qildi. «Hozirda oila hisoblari muzlatilgani bois ushbu xizmatlar uchun pul to‘lay olmasliklari sababli shunday qilishga to‘g‘ri keldi», — deydi hibsga olingan sobiq hokimning singlisi Galina. U, shuningdek, har oy sarflangan mablag‘ to‘g‘risida hisobot berib turishini aytdi.

Sergey Furgal Xabarovsk o‘lkasini 2018 yil sentyabr oyidan beri boshqarib kelayotgan edi. Hozirda sobiq gubernator Moskvaning «Lefortovo» qamoqxonasida o‘tiribdi. U advokat Boris Kojemyakinning xizmatlaridan voz kechgan, huquq himoyachisi bu qarorning sabablarini ma’lum qilmadi.