Ikki nafar COVID-19 infeksiyasiga chalingan bemor vafot etdi, deya ma’lum qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Xabarda qayd etilishicha, Uchtepa tumanida yashagan 64 yoshli bemor A.A. (erkak)da «COVID-19» infeksiyasi tasdiqlangach, ahvoli og‘ir bo‘lganligi sababli joriy yil 27 iyul kuni Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

«Unga „COVID-19“ infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, gipertoniya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan», — deyiladi xabarda.

Bemor o‘tkir nafas, yurak qon-tomir va poliorgan yetishmovchiligidan vafot etgani ma’lum qilindi.

Shuningdek, Sergeli tumanida yashagan 30 yoshli bemor B.A. (erkak)da joriy yil 26 iyul kuni «COVID-19» infeksiyasi alomatlari kuchaygan va nafas yetishmovchiligi og‘irlasha boshlagach, u ham Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Bemorga «COVID-19» infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas yetishmovchiligi asoratlar bilan kechgan. U o‘tkir nafas, yurak qon-tomir va poliorgan yetishmovchiligi, o‘tkir respirator distress sindromidan vafot etgan.

Shu bois, hozirgi vaqtga kelib, COVID-19 asoratlaridan vafot etganlar soni 162 nafarga yetdi.