Tibbiy psixolog, professor Abdullajon Begmatov koronavirusga qarshi kurash jarayoni boshidan nimalarga e’tibor qaratish kerak bo‘lganligi haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Unga ko‘ra, niqoblarni taqish bo‘yicha ko‘proq tushuntirish ishlari olib borilishi, kasallik tarqalishi jarayonini nazorat qilish, pandemiyaning psixologik omillariga e’tibor qaratish kerak edi.

Koronavirus pandemiyasi sayyoramizdagi millionlab va milliardlab odamlarning odatiy turmush tarzini izdan chiqarib yubordi. Bir-kki oy davomida dunyo tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketdi. Odamlar avval mamlakatlar chegarasida, keyinchalik shahar va tumanlar hududida, undan ham keyinroq esa uylari va xonadonlari doirasida qamalib o‘tirishga majbur bo‘ldilar. Xiyobonlarda sayr qilish, konsertlar, teatr va stadionlarga, kafe va restoranlarga borish oddiy hodisadan orzuga aylanib qoldi. Bunday sayr va tashriflar onlayn ko‘rinishga o‘tdi. Onlayn sayr va tashriflar esa tabiiy sayr va tashriflarning o‘rnini qisman bosishi mumkin xolos. Chunki bunday tashriflar o‘zining mohiyati va ta’sir kuchi bilan tabiiy tashriflarning o‘rnini to‘la bosa olmaydi.

Sayr va tomoshalar ham mayli, muhimi o‘qish va ishlash, do‘stlar bilan uchrashish, majlislar, konferensiya va davolovchi vrachlar bilan uchrashish ham ko‘p hollarda onlayn ko‘rinishga o‘tdi. Muayyan vaqt o‘tgandan keyin onlayn uchrashuvlar oddiy turmush tarziga aylanib qoladi. Demak, avvallari odatiy hisoblangan turmush tarziga qaytish qiyin bo‘lishi mumkin, odamlarning aksariyati esa eski turmush tarziga qaytishni istamay ham qolishi mumkin. Bobolardan qolgan gap bor: devor minganga ot yoqmaydi. Ot yoqmasa ham mayli, devor mingan odam ot minganning ustidan kular ekan, uning lo‘killashini qara, deb.

Pandemiya tugagandan keyin yangi sharoitga qanday moslashish kelajakda hal qilinadigan muammo. Hozirgi kundagi muammo esa vujudga kelgan muammoli holatdan qanday chiqish lozimligini aniqlashda. Chiqish yo‘lini topishdan avval, bu holatning vujudga kelish sabablarini aniqlab olish lozim.

Ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlarga qaraganda tibbiyot tizimidagi rahbarlar koronavirus pandemiyasi bo‘yicha ahvolning murakkablashuvi va og‘irlashuvida aholini ayblashga moyil. Ularning fikriga ko‘ra, tibbiyot xodimlari qo‘llaridan kelgan barcha ishlarni qilmoqda, aholi esa ularning gapiga quloq solmay, gigiyena talablariga rioya qilmadilar, niqob taqmadilar, to‘ylarni o‘tkazishda o‘ttiz kishi o‘rniga 2−3 baravar ko‘p mehmon chaqirib o‘tkazdilar. Ba’zi tibbiyot xodimlarining gapiga qaraganda, aholimizning tibbiy madaniyati ham yetarli darajada emas.

Aholining muayyan qismida tibbiy madaniyatning yetarli darajada emasligi sabablarini tahlil qilib ko‘raylik. Tibbiy madaniyatini oshirish uchun o‘z ustida ishlamagan, tegishli gazeta va jurnallarni, ommabop tibbiy kitoblarni o‘qimagan odamlar bu vaziyat uchun aybdor bo‘lishi mumkindir. Lekin ayni paytda aholininig tibbiy madaniyatini o‘stirish, odamlar sanitariya-gigiyena talablarini bajarishi uchun sog‘liqni saqlash vazirligi va umuman, tibbiyot xodimlari ham ma’sulligini unutmaslik kerak.

Karantin talablari biroz yumshatilgan davrda jamoat transport vositalaridan faqat avtobuslarning qatnoviga ruxsat berildi. Bu davrda ham aholimiz tibbiyot xodimlari tili bilan aytganda, yanaqo‘yilgan talablarni qo‘pol ravishda buza boshladi, avtobusga chiqqanda yonma-yon o‘rindiqlardan faqat bittasiga o‘tirish kerakligi, tik turgan yo‘lovchilarning tirbandligiga yo‘l qo‘ymaslik kabi talablarni bajarmay, avtobus salonlarida konserva bankasiga solingan bodringday liq to‘lib olishdi. Talablarning bunday buzilishi televideniyedagi videolavhalarda rosa tanqid ham qilindi. Biz bunday holat uchun o‘sha yo‘lovchilarimizning aybidan ko‘z yummoqchi emasmiz. Lekin masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Mana shunday vaziyatning vujudga kelishi aholimizda tibbiy madaniyatning yetishmasligi tufayligina yuz berdimi? Bizningcha, bunday emas.

Karantin boshlanishidan oldingi davrni ko‘z oldimizga keltiraylik. Shahrimiz aholisiga metro, avtobuslar, yo‘nalishdagi taksilar, litsenziyali va ko‘plab litsensiyasiz xufya taksi haydovchilar xizmat ko‘rsatar edi. O‘shanda ham tirbandlik soatlarida avtobuslar va metro vagonlarining liq to‘lishi kuzatilar edi. Endi, karantin talablari biroz yumshatilgani sharoitida jamoat transportidan faqat avtobuslar qatnoviga ruxsat berilishi o‘sha tirbandlik soatlarida konserva bankasidagi bodringlar manzarasi vujudga kelishi mumkinligini kutish mumkin edi. Chunki, endi shahrimiz aholisiga metro, avtobuslar, yo‘nalishdagi taksilar, litsenziyali va ko‘plab litsensiyasiz xufya taksi haydovchilar emas, faqat miqdori cheklangan avtobuslar xizmat ko‘rsatayotgan edi. Aholimiz o‘zining madaniyat darajasini to‘la namoyon qilishi uchun tegishli sharoit bo‘lishi kerak. Tegishli sharoit yaratilmas ekan, gohida aholining «tibbiy madaniyati yetarli emasligi»ni ko‘rsatuvchi manzaralar vujudga kelib qolishi ham tabiiy.

Karantin e’lon qilingan dastlabki kunlardan boshlab barcha fuqarolar uchun ko‘cha-kuyda, jamoat joylarida himoya niqobi tutish majburligi joriy qilindi. Bu talabni barcha ham bajaravermadi yoki bajarsa ham noto‘g‘ri bajardi. Buning sababi shundaki, karantinning dastlabki kunlaridan boshlab aholi orasida tushuntirish ishlariga emas, ma’muriy usullarga asosiy urg‘u berildi.

Niqob tutishning majburiyligi ba’zi hollarda oshirib yuborildi. Masalan, karantin e’lon qilingan dastlabki kunlarda televideniye orqali olib borilgan targ‘ibot ishlarida shaxs o‘zining shaxsiy avtomobilida yolg‘iz ketayotgan bo‘lsa ham niqob tutishi majburiyligi, tutmasa jarimaga tortilishi qayd etildi. Bunday talab ilmiy me’yorlargagina emas, oddiy mantiqqa ham zid edi. Avtomobilda yolg‘iz ketayotgan odam niqob tutmasa, bundan hech kimga zarar kelmaydi. Buni isbotlashning ham hojati yo‘q.

Buning ustiga, yaqin va uzoq qo‘shni mamlakatlarda niqob to‘g‘risida turli fikrlar bildirildi va bu fikrlardan aholimiz OAV orqali xabardor bo‘lib turdi. Jumladan, xorijdagi taniqli olimlardan birqanchasi niqoblar koronavirusga qarshi kurashda hech qanday foyda bermasligi to‘g‘risida ko‘plab chiqishlar qildilar. Yoki bo‘lmasa, AQSH Prezidenti Trampning ancha vaqt niqob taqmay yurishi va niqob tutishga qarshi aytgan gaplarini eslaylik. OAVda berilgan bu va bunga o‘xshash chiqishlardan xabardor bo‘lgan bizning fuqarolarimiz ongida ikkilanish vujudga keldi. Tibbiyot xodimlarimiz ana shu ikkilanishni hisobga olmadi va niqob tutish nima uchun zarurligini yetarli asoslab bermadi. Buning oqibatida fuqarolarimizning kattagina qismi niqobni nomigagina tutdi.

Tajriba tariqasida torroq doirada, ekspert so‘rovlari usuli yordamida o‘tkazgan sotsiologik so‘rovlarimiz odamlarimizning yarmidan ortiqrog‘i bir martabalik niqobni 2−3 soatda emas, kun davomida ham yangilamasligini ko‘rsatdi. Aholining 20−30 foizi esa niqobni hafta davomida ham yangilamasligi ma’lum bo‘ldi. Oilaning barcha a’zolari uchun 2−3 niqob sotib olib haftalar davomida kim ko‘chaga chiqsa, o‘sha niqobdan foydalanadigan oilalar ham sezilarli darajada mavjudligi ayon bo‘ldi. Bunday vaziyat vujudga kelishida tibbiyot xodimlarimizning aholi orasida tibbiy targ‘ibot ishlarini yetarli darajada va ta’sirchan olib bormaganlarining roli katta bo‘lganiga alohida e’tibor qaratmoqchimiz.

Kun davomida yangilanmagan va hafta davomida tutilgan niqoblarning foydasidan ko‘ra zarari bir necha baravar ortiq bo‘ladi. Kun yoki hafta davomida almashtirilmay tutilgan niqob koronavirus uchun to‘siqqa emas, uni ko‘paytiruvchi inkubatorga aylanib qoladi. Bu holat koronavirus tarqalishida portlash yuz berishi mumkinligiga ishora edi.

Biz bu haqda yuqori idoralarga iyun oyining boshlarida yozma ravishda fikr bildirib, ahvol shunday davom etsa, bir oy o‘tar-o‘tmas, koronavirusga chalinganlar sonining o‘sishi kuniga 500−600 va undan ham ortiqroq bo‘lishi mumkinligini bayon qilgan edik. Bizning bu ko‘ngilsiz bashoratimiz to‘g‘ri chiqqanini taassuf bilan e’tirof etishga to‘g‘ri keladi. Bu xatimiz Toshkent shahar sanitariya-gigiyena boshqarmasiga yuborilgan ekan. Bu boshqarma boshlig‘i biz ko‘targan masalalarning birortasiga munosabat bildirmagan holda bizga masxaraomuz ko‘rinishda javob yozdi.

Bizningcha, mamlakatimizda koronavirusga qarshi kurashda sanitariya va epidemiologiya bo‘yicha mutaxassislarimiz yo‘l qo‘yayotgan kamchiliklardan yana biri shundan iboratki, pandemiyaning oldini olish, profilaktika qilish va uni yengishda psixologik omillarga yetarli e’tibor berilmayapti. Bu masalaga e’tibor qaratayotganimizning sababi shundaki, hozirgi kunda dunyoda koronavirus bilan bog‘liq bir emas, ikki pandemiya yuz bermoqda. Ulardan birinchisi va keng ommaga ma’lum bo‘lgani aynan koronavirus pandemiyasi bo‘lsa, ikkinchisi ana shu birinchi pandemiya tufayli vujudga kelgan vahimalar, mish-mishlar, stresslar, depressiyalar pandemiyasidir.

Koronavirus kimga yuqsa, o‘sha shaxs zarar ko‘radi, azoblanadi, hayotdan ko‘z yumishi ham mumkin. Ikkinchi pandemiya esa koronavirus yuqmagan odamlarga ham katta zarar keltirmoqda. Odamlarning dunyoqarashi, asab tizimi va odatlariga bog‘liq ravishda vahimalar pandemiyasi koronavirus yuqmagan minglab emas, millionlab odamlarning sog‘ligiga, kundalik hayotiga, kasbiga, turmush tarzi va darajasiga jiddiy zarar yetkazmoqda.

Lekin shu paytgacha mamlakatimizdagi OAVlarda koronavirusning psixologik oqibatlari to‘g‘risida birorta jiddiy tahliliy material berilmadi. Psixologlar taklif etib o‘tkazilgan ko‘rsatuv va eshittirishlarda esa sohaga bevosita aloqador bo‘lgan birorta ham psixolog, ya’ni klinik psixolog yoki tibbiy psixolog qatnashmadi. Holbuki, aholimizning pandemiya sharoitidagi kayfiyatini qo‘llab-quvvatlash, ko‘tarish, odamlarimizda pandemiyaga nisbatan to‘g‘ri va optimal munosabatni shakllantirishda aynan tibbiy psixologlarning fikri va chiqishlari jiddiy yordam berishi mumkin edi.

To‘g‘ri, 23 iyul kuni televideniye orqali efirga uzatilgan ko‘rsatuvda tibbiyot fanlari doktori, professor Q. Mustafoyev koronavirusni davolashda dori-darmonlar 30 foiz ahamiyatga ega bo‘lsa, psixologik omil 60 foiz kuchga ega bo‘lishini ikki bora qaytardi. Lekin bu oddiy qayd qilish edi xolos. Biz professor Q.Mustafoyevni ayblamoqchi emasmiz, chunki u o‘z chiqishida psixologiyaning rolini tahlil qilishni maqsad qilib qo‘ymagan bo‘lishi mumkin.

Tibbiyot xodimlarimiz yo‘l qo‘ygan xatolardan yana biri, bizningcha, shundan iborat bo‘ldiki, aholi orasida virus qanchalik tarqalganini o‘rganishga o‘z vaqtida va yetarlicha e’tibor berilmadi. Pandemiya tarqalgan dastlabki kunlarda bo‘lmasa ham, dastlabki haftalarda bu baloning aholi orasida qanchalik keng tarqalishini tezkorlik bilan o‘rganish zarur edi. Shunday qilinganda koronavirus bilan bog‘liq mamlakatimizdagi manzara aniq va ravshan bo‘lardi. Tibbiyot xodimlarimiz esa, faqat kasallik belgisi namoyon bo‘lgan bemorlar bilan shug‘ullanishdi va ularnigina hisobga olishdi.

Holbuki, dunyo tajribasi shuni ko‘rsatdiki, koronavirus kasalligi bemorlarning 20−25 foizida alomatlar bilan o‘tsa, qolgan 75−80 foizida alomatlarsiz o‘tadi. Bu kasallik aholi orasida qanchalik tarqalganini ham hisobga olinganda hududlarimizni yashil, sariq va qizil turlarga bo‘lish ham voqelikka mosroq bo‘lar edi. O‘shanda yashil deb belgilagan hududlarimiz qizilga, qizil deb belgilagan hududlarimiz esa yashilga aylanib qolishi hech gap emas edi. Shunda hududlardagi vaziyatga berilgan baholar ham haqiqiy holatga mutanosibroq bo‘lar edi.

To‘g‘ri, aholini virusga qarshi testdan o‘tkazish jiddiy mablag‘ va kuch talab qiladi. 16 iyul kuni mamlakatimizdagi taniqli epidemiologlardan biri professor Habibulla Oqilov ham televideniyedagi chiqishida kuniga yurtimizda 22−24 ming test o‘tkazilayotgani, lekin bu ham kamlik qilayotganini bayon qildi. Mana endi o‘zimizning mahalliy PZR testlarimiz ishlab chiqariladi. Endi aholini testdan kengroq o‘tkazish imkoni paydo bo‘ldi.

Tibbiyot xodimlarimizning faoliyati pandemiyaga qarshi kurashda aniq bemorlarni davolashdagi texnika va yondashuvga bog‘liq. Bu kurashning yirik taktik va strategik masalalarini hal qilish esa sog‘liqni saqlash tizimimiz rahbarlariga bog‘liq. Bizning tahlillarimizga ko‘ra, pandemiyaga qarshi kurashda yo‘l qo‘yayotgan xatoliklarimiz aynan shu yirik taktik va strategik masalalarini hal qilishga daxldor.

Jumladan, biz koronavirusni aniqlash bo‘yicha tadbirlarni yetarli darajada tezkorlik bilan o‘tkazayapmiz, deyish mumkin. Lekin, mening nazarimda, kasallikni davolashda tezkorlikni yetarli darajada namoyon qila olmayapmiz. Masalan, rivojlangan mamlakatlar va Rossiyadagi yetakchi ilmiy-tibbiy markazlar va muassasalarning tajribasi ko‘rsatishicha, kasallikni davolash uni aniqlab tashxis qo‘yilgandan keyin emas, unga gumon paydo bo‘lishi bilan boshlanganda eng yaxshi natijalarga erishish mumkin ekan. Bunday yondashuv biz uchun g‘alati tuyulishi mumkin. Lekin bunday «g‘alati"lik kasallikning noodatiy «g‘alati» kasal ekani bilan bog‘liq.

Masalan, Novosibirskdagi Naukogradda joylashgan «Vektor» virusologiya va biotexnologiya bo‘yicha davlat ilmiy-tibbiy markazi tajribasi ko‘rsatishicha, davolashda eng yuqori natijalarga bu kasallikka gumon paydo bo‘lishi bilan boshlanganda erishish mumkin ekan. Bu fikrga bizning shifokorlarimiz, kasallikka aniq tashxis qo‘ymay turib, uni davolashni boshlash mumkinmi degan savol berishlari tabiiy. «Vektor» ilmiy-tibbiy markazi tajribasi xodimlarining tajribasi ko‘rsatishicha, kasallikka gumon paydo bo‘lib, lekin hali tashxis qo‘yilmagan birinchi kundan muolaja boshlansa, preparatlarning kuchi 100 foiz namoyon bo‘lar ekan.

Bir sutkadan keyin esa ularning ta’sir kuchi 50 foizga pasayar, yana bir sutkadan keyin yana 30 foizga pasayar ekan. 4 sutkadan keyin esa preparatlar xastalikka deyarli ta’sir qilmay qo‘yar ekan. Koronavirusning hozircha davosi yo‘q, degan fikrlarning sababini ehtimol man shu holatdan topish mumkin bo‘lar. Tan olib aytish lozimki, davolashni kasallikka gumon paydo bo‘lishi bilan boshlash juda murakkab. Bunga erishish uchun faqat vrachlardan emas, aholidan ham yuqori tezkorlik talab qilinadi, ya’ni ular kasallikka gumon paydo bo‘lishi bilan tibbiyot muassasalariga murojaat qilishlariga, shifokorlar esa aniq tashxis qo‘yishni kutmay muolajani boshlashlariga to‘g‘ri keladi.

Shifokorlarimiz kasallikka aniq tashxis qo‘yilmay turib, davolashni boshlasak, unda preparatlarning nojo‘ya ta’siri bemorga ko‘proq zarar yetkazishi mumkinku, deyishlari ham tabiiy. «Vektor»ning xodimlari ana shunday sharoitda davolashni nojo‘ya ta’siri eng oz bo‘lgan preparatlar bilan boshlayotganlarini bayon qilishdi. O‘shanda kasallik tasdiqlanmagan taqdirda ham preparatlarning nojo‘ya ta’siri minimal darajada bo‘ladi.

Yuqorida testlar o‘zimizda ham ishlab chiqarila boshlangani va bu kasallikka tashxis qo‘yishda keng imkoniyatlar yaratishini aytdik. Lekin yaxshi o‘ylab ko‘rilsa, masalaning mohiyatiga chuqurroq kirib borilsa, kasallikni aniqlashning kamroq kuch va mablag‘ talab qiladigan boshqa usullarini ham topish mumkin edi. Hali ham o‘shanday usullarni topish va ulardan foydalanish mumkin. Bu usullar qanday usul ekanini bayon qilsak, u mutaxassis bo‘lmagan odamlar uchun tushunarsiz va qiziqarsiz bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, bunday bayon ancha varaq va vaqt ham talab qiladi. Mabodo, tegishli rahbarlarda bu usullarga qiziqish paydo bo‘lsa, bu usullarni bizning sharoitimizda qo‘llash imkoniyatlarini ular bilan birgalikda muhokama qilishga tayyormiz.

Muallifning fikri tahririyat fikri bilan mos kelmasligi mumkin.

Muallif: Abdullajon Begmatov — Tibbiy psixolog, prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlar tayyorlash instituti «Boshqaruv psixologiyasi» kafedrasi professori.