1 avgust kuni Berlinda koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq cheklov choralariga qarshi keng ko‘lamli norozilik aksiyasi bo‘lib o‘tdi. To‘qnashuvlar oqibatida 45 nafar politsiya xodimi jarohatlandi, 133 ishtirokchi hibsga olingan, deya xabar berdi DW.

Miting kun yarmida boshlanib, kechgacha davom etdi. Namoyishchilar 1 avgustni pandemiyadan «Ozodlik kuni» deb tan olishni talab qilishdi. Aksiyada 20 mingga yaqin kishi qatnashdi. 1100 ga yaqin politsiya xodimi xavfsizlikni ta’minlash uchun namoyish o‘tkazilayotgan hududlarda bo‘lishdi. Ular namoyishchilarni masofani uzoqroq saqlashga va niqob kiyishga undashdi, ammo ular bunga rioya qilishmadi.

Aksiya vaqtida bir necha namoyishchilar politsiyaga hujum qilib, ularga tosh otishdi. Ogohlantirishlardan so‘ng politsiya tadbir tugaganini e’lon qildi. Aksiyaga kelganlarning ba’zilari ketishni rad etishdi va ularni yo‘ldan kuch ishlatgan holda olishga to‘g‘ri keldi, deyiladi xabarda. Hibsga olingan 89 nafar shaxsga nisbatan jinoiy ishlar qo‘zg‘atildi.

Xabar berilishicha, namoyish Shtutgartdan kelgan Querdenken 711 tashkiloti vakillari tomonidan tashkil etilgan. Ushbu tashklotga «fitna teoriyasi» tarafdorlari, o‘ng ekstremistlar va kovid-dissidentlar a’zo hisoblanadi. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, o‘ta o‘ng qanot harakat tarafdorlari ham odamlarni aksiyada ishtirok etishga da’vat qilgan va namoyishga Uchinchi Reyxning bir nechta bayroqlari olib kelingan.

Germaniyada iyul oyi oxiridan COVID-19 ga chalinish holatlari birdaniga ortishni boshladi. Mamlakatda umumiy aniqlangan holatlar soni 209893 ga yetgan, 9 141 kishi vafot etgan.