Qashqadaryo viloyatida 10 iyul kuni kiritilib, 15 avgustgacha uzaytirilgan bir qator cheklovlar koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha maxsus komissiyaning qaroriga binoan bosqichma-bosqich yumshatiladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati rahbari, komissiya a’zosi Axror Sodiqov ma’lum qildi.

27 iyuldan 15 avgustgacha Qarshida transport vositalarining kirishi va chiqishi (ba’zi hollar bundan mustasno), shuningdek shaxsiy avtomobillarning shahar ichida harakatlanishi to‘liq taqiqlangan edi. Bu bilan bir qatorda, faoliyat yuritayotgan taksilar soni uch baravar kamaydi.

Yangi qarorga ko‘ra, 3 avgustdan boshlab Qarshiga kirish va chiqish transport vositalarida belgilangan vaqtda — soat 7:00 dan 10:00 gacha va 18:00 dan 21:00 gacha, ish safari, dori-darmon, oziq-ovqat va boshqa zarur tovarlar sotib olish uchun ruxsat beriladi.

Yo‘nalishsiz taksilar soni ikki baravar ko‘payadi (ularga kun bo‘yi harakatlanishga ruxsat beriladi).

Shu kundan boshlab tumanlar va shaharlar hokimlari, shuningdek viloyat maxsus komissiyalari raislariga quyidagi huquqlar beriladi:

  • o‘z hududida kiyim-kechak va qurilish bozorlarida, savdo, umumiy ovqatlanish va maishiy xizmat ko‘rsatish sohalarida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatini individual ravishda qayta tiklashga ruxsat berish (tadbirkorlar karantin talablariga rioya etilishini kafolatlagan holda).
  • mintaqaviy maxsus komissiya qaroriga binoan karantin talablari va cheklovlariga javob bermaydigan tashkilotlar va muassasalar, savdo va maishiy xizmat faoliyatini to‘xtatish;
  • epidemiologik vaziyatni hisobga olgan holda, karantin talablarini bosqichma-bosqich yumshatish (postlarni qisqartirish, avtomashinalar harakati vaqtidagi cheklovlarni olib tashlash va boshqalar);
  • dezinfeksiyalash ishlariga bazaviy tibbiy bilimga ega ishsiz fuqarolarni ishga joylashish va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan jalb qilish.

Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi, Davlat soliq boshqarmasi, Sanitariya-epidemiologiya farovonligi markazi, tumanlar va shaharlar hokimlari oziq-ovqat, dori-darmonlar, tibbiy buyumlar va asbob-uskunalar, shuningdek zarur tovarlar narxlarining asossiz ko‘tarilishining oldini olish choralarini ko‘rishi kerak.

Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayevning ta’kidlashicha, karantin choralarini yumshatish «hamma narsa ortda qoldi» degani emas.

«Hurmatli rahbarlar! Xodimlaringiz karantin qoidalariga muvofiq ishlashlari uchun shart-sharoitlar yarating. Aziz vatandoshlar! Uyda qoling, maqsadsiz ko‘chaga chiqmang, o‘zingizga va oilangizga g‘amxo‘rlik qiling», — dedi viloyat rahbari.

31 iyul kuni soat 23:30 holatiga ko‘ra, Qashqadaryo viloyatida 693 koronavirus holati qayd etildi (kuniga + 17), 485 nafar (70%) bemor tuzaldi, 4 kishi vafot etdi.