Qurbon hayiti bayrami arafasida O‘zbekiston hukumati ehtiyojmand oilalarga bir martalik yordam pullarini naqd pul ko‘rinishida tarqatish to‘g‘risidagi qarorni e’lon qildi. 1,7 milliondan ortiq odam yoki 400 ming oila kishi boshiga 220 ming so‘mdan olishadi. Muhtojlarning ro‘yxati («temir daftar») aprel oyida mahallalarda uyma-uy yurish natijasida shakllantirilgan. Aprel oyida iqtisodchi Botir Qobilov pulni «vositachilarsiz» tarqatish muhimligini yozgan edi. Hukumat vakillari va mutaxassislarning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda bunday yondashuvni amalga oshirish qiyinchilik tug‘diradi, xususan, aholining katta qismi norasmiy sektorda bandligi, byudjet uchun oqibatlarni hisobga olish zarurligi va pandemiyada naqd pul berishning iloji yo‘qligi. Muallif kelajakda shaffof, tez va kamchiqim manba talab qiladigan mexanizmga e’tibor qaratishni taklif qiladi.

O‘zimizni o‘zimiz aldamaylik. Ba’zilarimiz (agar ko‘pchiligimiz bo‘lmasa) mart, aprel oylarida bu pandemiya tezda o‘tib ketadi deb o‘yladik. Va hatto hozir ham — iyulda, yana biroz vaqt o‘tsa hammasi ortda qolib ketadigandek tuyulishi mumkin. Tez orada iqtisodiyot tiklanib, odamlar yana ishlay boshlaydigandek ham tuyulishi mumkin.

Ammo haqiqat xafa qilgulik: pandemiya biz bilan davomiy qolmoqda, uning iqtisodiy oqibatlari esa hali uzoq vaqt saqlanib qoladi. Vaqt nuqtayi nazaridan tahlil qilish bizga to‘g‘ri qaror qabul qilish va taxminlarimizni to‘g‘ri yo‘naltirishga yordam beradi.

Bundan kelib chiqadiki, hozirgi o‘ta og‘ir davrda aholiga beriladigan har qanday ijtimoiy to‘lov qayta-qayta foydalanish mumkin bo‘lgan tizim orqali amalga oshirilishi kerak. Balki pulni bir necha oy davomida to‘lashga to‘g‘ri kelishi mumkin. Shuning uchun bizga tasodifiy pul o‘tkazmalari yoki to‘lovlar o‘rnini bosa oluvchi tizim kerak.

Ehtimol, ba’zi tahlilchilar bunday qiyin paytlarda keng jamoatchilikka pul berishga qurbimiz yetmaydi va moliyaviy mablag‘larimiz uni qoplay olmaydi deb hisoblashar. Mamlakat 1 mlrd AQSH dollaridan ortiq tashqi yordam olganligi biz zarur resurslarni safarbar etishimiz mumkinligini anglatadi.

Asosiy e’tiborni pullar qayerga sarflanayotgani va eng ko‘p yordamga muhtoj bo‘lganlar bu pullarni olayaptimi degan masalaga qaratish kerak. Moliya vazirligi va «Yuksalish» umummilliy harakati ushbu mablag‘larning sarflanishi to‘g‘risidagi jamlangan ma’lumotlarni e’lon qilib borishyapti.

Men savolning ikkinchi qismiga to‘xtalaman: odamlarga oldindan belgilangan oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa narsalardan iborat «savatcha» bilan yordam berish g‘oyasi foydali emas, aksincha, aslida isrofgarchilikdir. Hech kim bir oila aynan nimaga muhtojligini aniq bilmaydi, kimdir kamroq ovqatga muhtoj, biroq, ko‘proq dori-darmonga ehtiyoji mavjud yoki aksincha. Ehtimol, kimdir un yoki shakar iste’mol qilmaydi.

Afsuski, ishini, daromadini yo‘qotgan va tom ma’noda hayot uchun kurashayotgan odamlarga yordam beradigan yagona samarali vositaga qaytish uchun to‘rt oy vaqt sarflandi.

Pulni taqsimlash borasida so‘z ketganda, boshqa mamlakatlar tajribasiga qarashimiz va ularning samarali amaliyotidan namuna olishimiz mumkin — chunki bu yaxshi natija beradi!

Masalan, Qozog‘istonda favqulodda holat davrida 4 milliondan ortiq odam 42,5 ming tenge miqdorida ijtimoiy nafaqa oldi. Hammasi «Qiyin vaziyatda ijtimoiy yordam» maxsus manbasida aniq tasvirlangan.

Kompensatsiyani birinchi bo‘lib kim olishi kerak

Birinchi navbatda kompensatsiya quyidagilar tomonidan olinishi kerak:

1. Ishini yo‘qotgan, maosh olmayotgan (oxirgi oy ichida yoki undan ko‘proq) yoki to‘lovsiz ta’til olishga majbur bo‘lgan har bir kishi. Bu ma’lumot soliq organi tomonidan osonlikcha tekshirilishi mumkin.

2. Norasmiy sektorga tegishli bo‘lgan har bir kishi. Norasmiy sektor ishchilari — bu daromadlari kunlik shakllanadigan individual mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ishchilardir. Bu yerga yana turmush tarzi oila a’zolarining xalqaro pul o‘tkazmalariga bog‘liq bo‘lgan oilalarni ham kiritish lozim.

Shuni ta’kidlash kerakki, bu odamlar soliqlarni va boshqa majburiy to‘lovlarni pensiya jamg‘armasiga va boshqalarga to‘lamaydilar. Ammo bu ularning ijtimoiy nafaqa oluvchilar soniga qo‘shilishiga to‘sqinlik qilmasligi kerak. Aslida, hozir ular yordamga oldingidan ko‘proq muhtojdirlar.

To‘lovlarni qanday o‘tkazish mumkin

Tez, to‘g‘ridan-to‘g‘ri — yordamga muhtoj bo‘lganlarga, vositachilarsiz va tranzaksiya xarajatlarisiz. Bu faqat bank kartalariga pul o‘tkazmalari shaklida bo‘lishi kerak edi, naqd pul emas.


Foto: O‘zA.

Albatta, agar pul bank hisob raqamlari va kartalari o‘rtasida taqsimlangan bo‘lsa, chiroyli fotohisobotlarni tayyorlashning imkoni bo‘lmaydi, ammo pandemiya hali ham davom etmoqda. Hozirgi vaqtda eng xavfsiz narsa bu ijtimoiy masofalanish qoidalariga rioya qilish va odamlar bilan har qanday aloqani minimallashtirishdir.

Davlat o‘zi va pul olishi kerak bo‘lgan odamlar o‘rtasidagi har qanday vositachini minimallashtirishi va iloji boricha bartaraf qilishi kerak. Vazirliklar, shahar hokimliklari, ayniqsa joylardagi boshqaruv va hokimiyat organlari jarayonga jalb etilmasligi kerak. Bu yuqori tezlikni, samaradorlikni va tranzaksion xarajatlarni kamaytirishni ta’minlaydi.

Bundan hamma, har bir jalb qilingan tomon foyda oladi. Bu haqiqatan ham juda oddiy narsa.

Mexanizm bir vaqtning o‘zida ikkita usulda amalga oshirilishi kerak: yagona interfaol davlat xizmatlari portali platformasidagi markazlashtirilgan veb-sayt va call-markazlar orqali.

To‘ldirilishi kerak bo‘lgan ariza shakli saytga joylashtiriladi. Fuqaro ariza topshiradi, ariza ko‘rib chiqiladi, tasdiqlanadi va pul kartaga o‘tkaziladi. Sayt keng ommaga e’lon qilinishi kerak, uning havolalari SMS orqali mobil operatorlar tomonidan tarqatilishi mumkin.

Veb-sayt orqali murojaat qilish ikkita xususiyatga ega bo‘lishi kerak:

  1. Agar odamda STIR raqami bo‘lmasa, u darhol shu veb-saytning o‘zida pasport ma’lumotlari va uy xo‘jaligi hajmi, bolalar soniga oid boshqa ma’lumotlarni taqdim etgan holda murojaat qiladi. Soliq idorasi imkon qadar tez fursatda STIR berish imkoniga ega bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, ariza beruvchi uchun bank hisobvarag‘i ochiladi. STIR olinganidan so‘ng ijtimoiy to‘lov avtomatik tarzda kartaga o‘tkaziladi. Karta arizachining yashash joyidagi bankning eng yaqin bo‘limidan olinadi/yetkazib beriladi. Shuni ta’kidlash kerakki, ijtimoiy sug‘urta to‘lovlari birinchi marta STIRini olgan har bir kishiga berilishi kerak. Ijtimoiy sug‘urta to‘lovlari mavjud ma’lumotlar bazasidan oilaning hajmiga qarab belgilanadi.
  2. STIR raqamiga ega bo‘lgan odamlar veb-saytda STIR, pasport ma’lumotlari, bank hisob raqami (karta raqami) va aloqa ma’lumotlarini kiritish orqali arizani to‘ldiradilar. Bu soliq organlariga ma’lumotlar bazasidan arizachi bandligi tarixi va daromad darajasini aniqlashga imkon berishi kerak. Agar ma’lumotlar so‘nggi uch oy ichida ariza beruvchiga ish haqi to‘langanligini ko‘rsatsa, u ishlagan hisoblanadi va u ish haqi olgan oy uchun ijtimoiy nafaqa olmasligi kerak. Agar oxirgi uch oy ichida ish haqi olganligi aniqlangan shaxs qaysidir bir vaqtda uni olishni to‘xtatgan bo‘lsa, u o‘zining bank kartasiga ijtimoiy nafaqa olish huquqiga ega bo‘ladi. Ijtimoiy sug‘urta to‘lovlari mavjud ma’lumotlar bazasidan oila hajmiga qarab belgilanadi.

Shu joyda muammo bor. Hamma ham bank kartasiga ega emas. Agar mehnatga layoqatli aholining soni 20 millionga yaqin bo‘lsa, undan 5 millionga yaqin, ehtimol ko‘proq aholi norasmiy sektorda ishlaydi. Binobarin, ularda ish haqi kartalari yo‘q. Bu odamlar uchun bankda hisob raqamlar ochish va ularga bank kartalari berishlozim. Markaziy bank hisob raqamlarni ochish va kartalarni chiqarish jarayonini tezlashtirishga yordam berishi kerak.

Muomalada bo‘lgan amaldagi plastik kartalar soni 2020 yil mart oyi holatiga ko‘ra 21 millionni tashkil etgan edi. Agar ushbu kartalarning 60% kompaniyalarga emas, balki jismoniy shaxslarga tegishli deb taxmin qilsak, demakki bu mehnatga layoqatli aholining yarmi qamrab olinganligini bildiradi.

Yashash joyidan kelib chiqqan holda, bank kartalaridan ba’zi yoki ko‘plab to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati yo‘q. Hamma joyda ham terminallar mavjud emas. Biroq, bu bank kartalariga qarshi argument emas albatta, bu hal qilinishi kerak bo‘lgan muammo. Pandemiya davrida bu qulaylik emas, balki qo‘llab-quvvatlash va omon qolish chorasidir. Shu bilan birga, bankomatlarda naqd pullar va mamlakatning barcha mintaqalarida naqd pul olish imkoniyati ta’minlanishi lozim.

Agar Internet yoki smartfonga kirish imkoni bo‘lmasa

Call-markazlari Internetga kirish imkoni yoki mobil telefoni yo‘q odamlar uchun tashkillashtirilgan. Bu holda, shahar telefonlari orqali bog‘lanib, pasport ma’lumotlarini va STIRni aytish mumkin. Agar STIR bo‘lmasa, uni berish uchun ariza qabul qilinadi. Agar fuqaroda STIR mavjud bo‘lsa, u ma’lumotlar bazasiga kiritiladi, shundan so‘ng bankda hisob raqami ochiladi, karta chiqariladi va yordam oluvchiga eng yaqin bank filialida beriladi.

2020 yil 1 mart holatiga ko‘ra onlayn-banking xizmatidan foydalanganlar soni 9,6 mlnni tashkil qildi. Bu esa mehnatga layoqatli aholining yarmini tashkil etadi.

Ishonchim komilki, yordamga muhtoj bo‘lishmasada, ijtimoiy yordam oladigan odamlar ko‘plab topiladi. Ulardan ko‘ra bu pullarga ko‘proq muhtoj bo‘lgan odamlarga yordam berish uchun olingan mablag‘larni qaytarishga tayyor odamlar ham bor. Ularga pullarni saytning o‘zida umumiy «hamyon»ga o‘tkazishlariga imkon berish kerak. Shu bilan birga, jamoatchilik ushbu pul o‘tkazmalaridan xabardor bo‘lishi kerak.

Ammo eng muhimi — pul o‘tkazuvchilar ushbu pul qayerga ketayotganini aniq bilishlari kerak. Algoritm mos tanlovni amalga oshirish funksiyasiga ega bo‘lishi kerak: homiyning yashash joyi ijtimoiy to‘lov oluvchining yashash joyi bilan bog‘liq bo‘lishi lozim.

Mexanizm shunday ishlashi kerakki, minimal byurokratik to‘siqlar bilan aholining imkon qadar ko‘proq qatlami qamrab olinsin. Shu bilan birga, yordam vositachilarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri muhtojlarga yetib borishi kerak.

Muhtoj bo‘lishmasa ham kompensatsiya uchun murojaat qiluvchilar bo‘ladimi? Ha! Bundaylar bo‘ladi. Bolalar sonini «ko‘paytiruvchi"lar bo‘ladi, o‘zini o‘zi band qilganlardan kimdir o‘z daromadini yashirishi mumkin va hokazo. Ammo ular kam bo‘ladi. Va hatto pullar muhtoj bo‘lmagan odamlarga berilsa ham, bu ommaviy yordamni kechiktirish va vaqtni yo‘qotish uchun unchalik katta muammo emas. Ijtimoiy yordam ko‘rsatishda bolalar soni va uy xo‘jaliklarining hajmini hisobga olish ham muhimdir.

Pul berish kim uchun foyda keltiradi va nima uchun?

  1. Eng avvalo, hozirda yordamga muhtoj odamlar uchun: ular kelgusi soliq to‘lovlari, kreditning foiz stavkasi bo‘yicha chegirmalar yoki yuqori inflyatsiya haqida o‘ylamaydilar. Ular tom ma’noda omon qolish uchun kurashmoqdalar va ularga oziq-ovqat, boshqa asosiy ehtiyojlar uchun mablag‘ kerak.
  2. Bu yil mamlakatda «Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili» deb nomlandi. Ijtimoiy yordamning butun jarayonini raqamlashtirish orqali davlat ko‘p jihatdan foyda ko‘radi. U ilgari norasmiy sektorga tegishli bo‘lgan odamlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasiga ega bo‘ladi. STIR va bank hisob raqamlarini olish uchun ularning ma’lumotlarini yig‘ib, davlat iqtisodiyot, aholi, mehnat bozori holatini yaxshiroq tushunishga qodir bo‘ladi. Oxir-oqibat, bu holatning katta bo‘lmagan tanlab olingan so‘rovnomalar natijalariga qarab emas, balki haqiqiy odamlar va ularning xatti-harakatlari to‘g‘risidagi ma’muriy ma’lumotlarga qarab baholanishiga yordam beradi.

Menimcha, muhtojlarga tezkor yordam ko‘rsatish uchun hamma narsaga egamiz: call-markazlarining ish tajribasi, kartalarni tezkor chiqarishda yordam bera oladigan yetarlicha bank xodimlari, STIR berish uchun soliq xizmati xodimlari. Ushbu tajriba jamiyat va davlatni raqamlashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi.

Eng katta yutuq esa — ko‘pchilik muhtoj odamlar uchun mo‘ljallangan pulning katta qismi (agar hammasi bo‘lmasa), aynan ehtiyojmandlarga hech qanday tranzaksiya xarajatlarisiz yetkazib beriladi va bu pul o‘rtada hech qayerda yo‘qolib qolmaydi.

Muallifning fikri tahririyat fikri bilan mos kelmasligi mumkin.

Botir Qobilov
Iqtisodchi, Garvard universiteti doktoranti va ilmiy tadqiqotchisi. Dyuk Universiteti (AQSH) iqtisodiyot magistri. Oldinroq O‘zbekiston Markaziy bankida bosh iqtisodchi bo‘lib ishlagan.