O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 avgust kuni Nukusga yetib kelib, Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, Oliy Majlis Senati raisining o‘rinbosari Musa Yerniyazov qabrini ziyorat qildi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

31 iyul kuni vafot etgan Musa Yerniyazov Nukus shahridagi «Shorsha baba» qabristoniga dafn etildi. Marhum haqiga Qur’on tilovat qilindi.

«Rahmatli Musa og‘a elni yaxshi ko‘rgan, halol, pok, or-nomusli inson edi. U kishiga juda ishonardim, Qoraqalpog‘istondan ko‘nglim to‘q edi. Tili, dini, taqdiri, tashvishlari bir bo‘lgan o‘zbek va qoraqalpoq xalqlarining og‘zibirchiligini qadrlardi. Qoraqalpog‘istonni rivojlantirish, odamlarning birini ikki qilish bo‘yicha ko‘p ishlarni boshlagan edik. Endi bu ishlarni, rejalarimizni do‘stlari bilan birga albatta davom ettiramiz», — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev Musa Yerniyazov dafn etilgan qabriston obod qilinishini ta’kidladi.

«Bu yerni Qoraqalpog‘istonga kelganlar ehtirom bilan ziyorat qiladigan maskanga aylantiramiz. Shunday vatanparvar insonlarning hurmatini joyiga qo‘ysak, xalqimizga, yoshlarimizga namuna bo‘ladi», — dedi prezident.