Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati internet-foydalanuvchilarining nega hudud rahbari Buxoroda emas, Toshkentda davolanayotganligi bo‘yicha savollariga javob berdi.

30 iyul kuni Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Karim Kamolov Toshkentda COVID-19dan davolanayotganligi haqida ma’lum bo‘ldi. Oldinroq Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov va Navoiy viloyati hokimi Qobul Турсуновлар ham poytaxtda davolanayotganligi ma’lum bo‘lgan edi.

Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbari Ilxom Narziyevning ma’lumotiga ko‘ra, Karim Kamolovda koronavirus 25 iyul kuni tasdiqlangan.

«Shu kundan boshlab viloyat rahbari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro viloyat filialida muolaja olishni boshlagan. (Agar Karim Kamolov mahalliy shifokorlar va shifoxonalarga ishonchi bo‘lmaganida o‘sha zahotiyoq poytaxtga borgan bo‘lardi!)», — deyiladi xabarda.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra viloyat hokimlari hukumat qoshidagi Tibbiyot Bosh boshqarmasi ro‘yxatida turishadi, deya ta’kidlaydi hokimiyat.

«Zarur holatlarda tibbiy diagnostika qilish, davolash, umuman olganda, ularning salomatligini muhofaza qilish mazkur boshqarma zimmasida. Shunga muvofiq, ushbu Tibbiyot Bosh boshqarmasining talabiga ko‘ra Karim Kamolov 29 iyul kuni davolash muolajalarini davom ettirish uchun Toshkent shahridagi klinikaga ko‘chirib o‘tkazildi», — deyiladi matbuot xizmati bayonotida.

«Viloyat hokimi o‘tgan 3 kun davomida malakali tibbiyot mutaxassislari tomonidan sog‘liqni saqlash vazirligi tavsiyalariga muvofiq ishlab chiqilgan standartlar asosida davolash kurslarini o‘tamoqda», — deyiladi xabarda (xuddi shunday ko‘rinishdagi ma’lumot Navoiy viloyati hokimligi xabarida berilgan).

Hozirda Karim Kamolovning ahvoli yaxshi. U yaqin kunlarda to‘liq tuzalib, o‘z faoliyatini davom ettiradi, deya ta’kidlanadi hokimiyat xabarida.

Oldinroq agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev Akfa Medline xususiy klinikasida koronavirusdan davolanayotganligini haqida xabar bergan edik.

31 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazov olamdan o‘tdi. Unda 24 iyul kuni koronavirus aniqlangan edi.