30 iyun kuni Belarus prezidentligiga nomzod Svetlana Tixanovskayaning Minsk shahridagi Xalqlar do‘stligi bog‘ida bo‘lib o‘tgan mitingi bir necha o‘n minglab odamlarni jalb qildi, deya xabar berdi Tut.by.

Huquq himoyachilarining tinch yig‘ilishlarini kuzatish bo‘yicha #ControlBY hisoblash usuliga ko‘ra miting qatnashchilari soni 63 ming kishini tashkil qildi deb baholandi. Minsk politsiyasining ma’lumotlariga ko‘ra, tadbirda atigi 18250 kishi ishtirok etgan. Ya’ni bu huquq-tartibot idoralari xodimlarining qo‘lidagi metalldetektorlari orqali o‘tgan odamlarning soni. Bir-biriga qarama-qarshi ma’lumotlarga qaramay, ommaviy axborot vositalari ushbu voqeani Belorussiya tarixidagi eng ommaviy tadbir deb atashdi.

Prezidentlikka nomzod Svetlana Tixanovskaya eri — blogger Sergey Tixanovskiy va belarusliklar uchun prezident bo‘lmoqchi ekanini e’lon qildi va uning asosiy maqsadlari — siyosiy mahbuslarni ozod qilish, yangi adolatli saylovlar o‘tkazish va 1994 yilgi Konstitutsiyaga qaytish bo‘yicha referendum o‘tkazishdir.

Eslatib o‘tamiz, Sergey Tixanovskiyning o‘zi dastlab nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tishni maqsad qilgan, ammo u ma’muriy hibsda saqlangani va hujjatlarga shaxsan imzo qo‘ymagani sababli Markaziy saylov komissiyasida nomzodligini qo‘yish bo‘yicha tashabbus guruhini ro‘yxatdan o‘tkaza olmagan. Natijada tashabbus guruhini uning rafiqasi ro‘yxatdan o‘tkazdi va u prezidentlikka nomzodga aylandi.

Miting paytida Svetlana Tixanovskaya oldinroq saylov poygasida qatnashish bilan bog‘liq masalada tahdidlarga duch kelgani va o‘z farzandlarini chet elda yashirishga majbur bo‘lganligini ma’lum qildi.

U bilan birga mitingda Viktor Babariko shtabi vakili Mariya Kolesnikova va prezidentlikka sobiq nomzod Valeriy Sepkaloning rafiqasi Veronika so‘zga chiqishdi. Avval xabar qilinganidek, Belarus Markaziy saylov komissiyasi turli sabablarga ko‘ra Babariko va Sepkaloni nomzod sifatida ro‘yxatga olishni rad etdi. Shundan so‘ng Belarus oppozitsiyasi Markaziy saylov komissiyasi prezidentlikka nomzod sifatida ro‘yxatga olgan Tixanovskaya atrofida birlashishga qaror qildi.