Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, Oliy Majlis Senati raisining o‘rinbosari Musa Tajetdinovich Yerniyazov olamdan o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

30 iyul kuni Respublika endokrinologiya markazi direktori Anvar Alimov uning ahvoli og‘irligini, uni o‘pkani sun’iy ventilyatsiya qilish apparatiga bog‘lab qo‘yishganini ma’lum qilgan edi. Ma’lumotga ko‘ra, Musa Yerniyazov V.Voxidov nomidagi Respublika xirurgiya markazining Nukus filialida davolanayotgan bo‘lgan.

Iyul boshida Musa Yerniyazov COVID-19dan davolanayotganligi haqida ma’lumot tarqalgan edi. «Gazeta.uz» 2−3 iyul kunlari koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha Nukus shtabi, Qoraqalpog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Jo‘qorg‘i Kenges matbuot xizmatlariga murojaat qilganida, ular ushbu xabarni tasdiqlashmagan edi.

Lekin 18 iyul kuni O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Musa Yerniyazova hamda Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovda koronavirus aniqlanganligini tasdiqlagan edi (bungacha hokim qabulxonasida ham ushbu ma’lumotni inkor etishgan edi).

25 iyul kuni Repost.uz saytining xabariga havola berilgan holda Telegram orqali Jo‘qorg‘i Kenges raisi o‘limi haqidagi xabarlar tarqala boshlagan edi. Xabar joylashtirilgan sanasi 20 iyul edi. Xabar bilan bo‘lishgan blogerlar hamda Makan.uz, Kruz.uz tahririyatlari bosh muharrirlari va Kar24.uz sayti vakili Qoraqalpog‘iston prokuraturasi va Nukus ichki ishlar bo‘limiga so‘roq uchun chaqirilgan edi. Ularning telefonlari va noutbuklari olib qo‘yilgan. Musa Yerniyazov o‘limi rasmiy organlar tomonidan rad etilgan, Repost.uz sayti esa «sayt administrativ paneli xakerlar tomonidan hujumga uchrab, yolg‘on ma’lumot e’lon qilinganligini» ma’lum qilgan edi.

Musa Yerniyazov 1947 yil Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumanida tug‘ilgan. 1971 yili Toshkent qishloq xo‘jaligini irrigatsiyalash va mexanizatsiyalash muhandislari instituti, 1986 yili Toshkent oliy partiya maktablarini bitirgan. 2019 yil «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni bilan taqdirlangan.

1983−1989 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri, 1989−1990 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining doimiy vakili bo‘lib faoliyat olib borgan.

2000−2001 yillarda Chimboy tumani hokimi, 2001−2002 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining industriyani rivojlantirish, qurilish va kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan.

2002 yildan boshlab hozirgi vaqtga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining o‘rinbosari edi.