O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 iyul kuni «Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonni (PF-6038) imzoladi.

Hujjatda davlat byudjetidan tez tibbiy yordam brigadalari xodimlariga (vrach, feldsher, sanitar va haydovchilar) bir martalik pul mukofoti berish uchun 100 mlrd so‘m mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan. Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, to‘lovlar 26 mingta oilani qamrab oladi.

O‘zAning xabar berishicha, tadbirkor Alisher Usmonov ushbu maqsadlarga xayriya yordami ko‘rinishida 100 mlrd so‘mga yaqin qo‘shimcha mablag‘ ajratdi.

Xuddi shu kuni imzolangan hukumat qaroriga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurash uchun jalb qilingan tez tibbiy yordam xodimlariga quyidagi miqdorlarda bir martalik moddiy rag‘batlantirish to‘lovlari beriladi:

  • vrach xodimlarga — 5 mln so‘m;
  • o‘rta tibbiyot xodimlariga (feldsher va sanitarlar) — 4 mln so‘m;
  • haydovchilarga — 3 mln so‘m.

Ushbu to‘lovlar 1 iyungacha ishga qabul qilingan xodimlarga nisbatan qo‘llaniladi.

Bundan tashqari, «jamiyatimizda tinchlik, do‘stlik, mehr-oqibat va hamjihatlik g‘oyalarini keng targ‘ib etib kelayotgan diniy sohada xizmat qilayotgan vakillarni moddiy rag‘batlantirish hamda joylarda xayru saxovat, muruvvat borasida amalga oshirilayotgan ishlarni, jaholatga qarshi ma’rifat ruhidagi keng qamrovli tadbirlarni yangi bosqichga ko‘tarish uchun» O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi «Vaqf» xayriya jamoat fondiga 150 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi.

Avvalroq xabar qilganimizdek, prezidentning ushbu farmoni bilan a’zolari 1,7 mln nafardan ortiq bo‘lgan 400 mingdan ko‘proq oilalarga bir martalik moddiy yordam ajratiladi. Buning uchun 380 mlrd so‘m yo‘naltiriladi (har bir kishiga 220 ming so‘mdan).

Bundan tashqari, hukumat qarori bilan Qurbon hayiti munosabati bilan 150 mingta oilani qo‘llab-quvvatlashga «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasidan 150 mlrd so‘m (har bir oilaga 1 mln so‘mdan) yo‘naltiriladi.

1 sentyabrdan, shuningdek, pensiya va nafaqalar miqdori oshiriladi. 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalar uchun nafaqa hamda 2 yoshgacha bola parvarishi bo‘yicha nafaqa oluvchilar soni ham ko‘payadi.