Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumaniga yangi hokim tayinlandi, deya xabar berdi Qashqadaryo viloyati matbuot xizmati.

30 iyul kuni Xalq deputatlari Shahrisabz tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev so‘zga chiqib, tumanda amalga oshirilayotgan ishlar talab darajasida emasligini ta’kidladi.

Bu borada viloyat hokimi alohida tumanda fuqarolar murojaatlari, ta’lim tizimi, yo‘llar, qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarish va eksport masalalariga umuman e’tibor qaratilmaganini bildirib o‘tdi.

«Tumandagi 30 ta maktablarda isitish tizimi yo‘q, 6 tasi ta’mirtalab. Maktabgacha ta’limga qamrov 47 foiz. Eng achinarlisi Prezidentimiz qarori bilan bugun viloyatdagi 20 000 ta ehtiyojmand oilaga 1 million so‘mdan naqd pul berilishi boshlangan edi. Ammo, ushbu tumanda 1040 nafar ehtiyojmand oila bo‘la turib, bugun ushbu xayrli ish amalga oshirilmadi. Sababi — mas’ullarda xisob-kitob bo‘lmagan», — deyiladi xabarda.

Yuqoridagi bir qator kamchiliklardan kelib chiqib, Xalq deputatlari Shahrisabz tumani kengashining sessiya ishida tashkiliy masala ko‘rilgani ma’lum qilindi.

Jumladan, bugungi kunga qadar tuman hokimi lavozimida ishlab kelgan Isroil Amanov vazifasidan ozod etildi va uning o‘rniga Muborak tumani prokurori vazifasida ishlab kelayotgan adliya maslahatchisi Samad Hasanov saylandi.