O‘zbekistonda 1 sentyabrdan boshlab pensiyalar va nafaqalar 10 foizga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda tegishli prezident farmoni payshanba kuni imzolanishi rejalashtirilmoqda, deya xabar berdi «Gazeta.uz» ga hukumatdagi manba.

Farmonga muvofiq, 1 sentyabrdan boshlab Respublika hududida:

  • pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori — oyiga 262470 so‘m (hozirda 238610 so‘m);
  • eng kam yoshga doir pensiyalar — oyiga 513350 so‘m (466680 so‘m);
  • bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa — oyiga 513 350 so‘m (466680 so‘m);
  • zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa — oyiga 315 030 so‘m (286390 so‘m) etib belgilanadi.

Bundan tashqari, farmonda 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalar uchun nafaqa oluvchilar sonini 2 baravar oshirish (345 mingdan 700 minggacha), 2 yoshgacha bo‘lgan bolaga qarash uchun nafaqa oluvchilar sonini 20 foizga (333 mingdan 400 minggacha) va moddiy yordam oluvchilar — 13 foizga (89 mingdan 100 minggacha) oshirish ko‘zda tutilgan.

Iyul-sentyabr oylarida tugaydigan to‘lovlar avtomatik ravishda olti oyga uzaytiriladi. Bola parvarishi bo‘yicha nafaqa oluvchilardan hujjat topshirish uchun yana bir bor murojaat qilishlari talab qilinmaydi.

Qarorni amalga oshirish doirasida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlari vakillarining oylik daromadi 10 foizga oshishi kutilmoqda. Shu bilan birga, Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining xarajatlari 1 trln so‘mga ko‘payadi. Ular jamg‘arma mablag‘lari hisobidan, shuningdek, 2018−2019 yillarda Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga ajratilgan foizsiz kreditni qaytarish hisobidan (2 trln so‘m) moliyalashtiriladi.

Pensiya jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, 1 iyul holatiga ko‘ra pensiya va nafaqa oluvchilar soni 3 million 758 ming kishini yoki aholining 11 foizini tashkil etdi. 1 yanvardan boshlab bu ko‘rsatkich 80,7 ming kishiga yoki 2,2 foizga ko‘paygan.

Shundan 2,82 mln kishi (75,1%) yosh bo‘yicha pensiyani oladi, 380,9 ming (10,1%) — nogironlik bo‘yicha pensiya, 181,1 ming (4,8%) — boquvchisini yo‘qotganlik uchun pensiya, 375,6 ming (10%) — nafaqa.

Bundan oldin pensiya va nafaqalar, shuningdek ish haqi 1 fevralda oshirilgan, o‘shanda o‘sish 7 foizni tashkil etgan edi.

Avvalroq, hukumatning 29 iyuldagi qarori bilan, ikki kun ichida kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish topshirilgan edi. Buning uchun Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi 150 mlrd so‘m ajratdi.