Koronavirusdan davolanayotgan Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazov (72 yosh) og‘ir ahvolda, u O‘SV uskunasiga ulangan. Bu haqda payshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Respublika endokrinologiya markazi direktori Anvar Alimov ma’lum qildi.

«[U] respirator davolanishda, o‘pkasi sun’iy ventilyatsiyada, nafas chiqarish oxirida musbat bosim rejimida. Uning ahvoli og‘ir deb baholanmoqda», — dedi endokrinologiya markazi rahbari.

Anvar Alimov Musa Yerniyazov davolash uchun Turkiyaga olib ketilgani haqidagi xabarlarni rad etdi. «U Turkiyaga yoki boshqa joyga olib ketilgani yo‘q. U Qoraqalpog‘istonda», — deya ma’lum qildi Alimov.

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Xabibulla Oqilov Musa Yerniyazov birinchi kundanoq V. Vohidov nomidagi Respublika jarrohlik markazining Nukus filialida davolanishda ekanini qo‘shimcha qildi. U Toshkentdan ikki mutaxassis va mahalliy shifokorlar kuzatuvi ostida davolanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi iyul o‘rtasida Musa Yerniyazovning koronavirusga chalinganini tasdiqlagan edi.