52-Xalqaro kimyo olimpiadasida o‘zbekistonlik o‘quvchilar kumush va bronza medallar qo‘lga kiritdi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligining matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Turkiyaning Istanbul shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan 52-Xalqaro kimyo olimpiadasi koronavirus pandemiyasi sababli masofaviy tarzda 25 iyul kuni tashkillashtirildi. Kimyo fanidan eng nufuzli hisoblanadigan mazkur olimpiadada dunyoning 60 davlatidan jami 235 nafar iqtidorli o‘quvchi ishtirok etdi.

Olimpiadada O‘zbekiston sharafini 2018−2019 o‘quv yilida respublika fan olimpiadasi va qo‘shimcha respublika olimpiadasi g‘oliblari orasidan saralab olingan 4 nafar iqtidorli o‘quvchi himoya qilib, quyidagi natijalarni qayd etdi:

  • Mirumid Mirakbarov  — Toshkent pediatriya tibbiyot instituti huzuridagi akademik litsey o‘quvchisi (kumush medal)
  • Dilshodaxon Isayeva - Toshkent pediatriya tibbiyot instituti huzuridagi akademik litsey (kumush medal)
  • Firdavs Sobirov — Buxoro shahridagi 35-maktab o‘quvchisi (bronza medal)
  • Akobir Narzullayev — Buxoro viloyati, Jondor tumanidagi 49-maktab o‘quvchisi (diplom).


Foto: XTV

Ta’kidlanishicha, bu yilgi olimpiadada o‘quvchilar laboratoriya kimyoviy tajribalarisiz, faqat nazariy bosqichni o‘tkazishdi.

«Olimpiada sinov jarayonini nazoratchilar 4 ta vebkamera yordamida kuzatib borishdi. Masofaviy olimpiada Toshkent pediatriya tibbiyot instituti huzuridagi akademik litseyda sanitariya gigiyena hamda karantin qoidalariga qat’iy rioya etgan holda tashkil etildi», — deyiladi xabarda.

G‘oliblarning medallari va diplomlari Turkiyadagi tashkiliy qo‘mita tomonidan pochta orqali jo‘natiladi.