O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 iyul kuni «Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi, deya xabar qildi Moliya vazirligi matbuot xizmati.

Hujjatga muvofiq, a’zolari 1,7 million nafardan ortiq bo‘lgan 400 mingdan ko‘proq oilalarga respublika byudjetidan bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi. Gap Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha mutasaddi idoralar tomonidan shakllantirilgan moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalar ro‘yxatlariga («temir daftar») kiritilgan oilalar haqida ketmoqda.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi va Markaziy bankka bir martalik moddiy yordam pullarini moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalar ro‘yxatlariga kiritilgan oilalarga 15 avgustga qadar yetkazilishini ta’minlash topshirildi.

«Temir daftar» ro‘yxatiga kiritilgan oilalarga ajratiladigan moliyaviy yordam miqdori 380 mlrd so‘mni tashkil etadi. Moliya vazirligidan «Gazeta.uz»ga aniqlik kiritishlaricha, har bir oila a’zosiga o‘rtacha 220 ming so‘mdan to‘g‘ri keladi.

«Har bir oila a’zosiga 220 ming so‘mdan. Agarda oilada ikki kishi bo‘lsa, 440 ming so‘m, uch kishi bo‘lsa — 660 ming so‘m vahokazo. Bizning hisob-kitoblarimizga ko‘ra, 400 ming oilani qamrab olamiz», — dedi vazirlik vakili.

Bundan tashqari, Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan 150 mingta oilani qo‘llab-quvvatlashga «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasidan 150 mlrd so‘m (har bir oilaga 1 mln so‘mdan) yo‘naltiriladi.

Prezident xalq qabulxonasiga Hisob palatasi bilan birgalikda bir martalik to‘lovlarning o‘z vaqtida va to‘liq shaklda yetkazilishi ustidan nazorat o‘rnatish topshirildi.

Bundan tashqari, avval xabar qilinganidek, ushbu hujjat bilan 1 sentyabrdan pensiya va nafaqalar miqdori oshirilmoqda.