Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari Rasul Kusherbayev, Doniyor G‘aniyev va Nodir Jumayev «Parlament nazorati» shaklida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi N.Sharipovga tegishli deputatlik so‘rovini yubordi. Bu haqda deputat Rasul Kusherbayev o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi. So‘rovda gap UzAuto Motors AJning faoliyati, avtomobillarning tannarxi hususida gap ketadi.

«Avtomobil ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshiruvchi UzAuto Motors AJning mart oyida bir qator yengil avtomobillar narxini oshirishi saylovchilar va jamoatchilik vakillari tomonidan keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Mamlakatimizda raqobat muhitini yaxshilash, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasida ishtirokchilar uchun teng imkoniyatlar yaratish investitsiyaviy muhitni yaxshilashning muhim talabi ekanligini inobatga olib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi bir guruh deputatlar tomonidan mazkur soha o‘rganilib, takliflar ishlab chiqilmoqda», — deb yozadi Rasul Kusherbayev.

So‘rovda hukumat topshirig‘i doirasida UzAuto Motors tomonidan «Raqobat to‘g‘risida"gi qonun talablariga rioya etilishi, shu jumladan, ishlab chiqarilayotgan avtomobillar tannarxi shakllanishi va narx qo‘llanilishining asosliligi yuzasidan olib borilgan o‘rganishlar, ko‘rilgan choralar haqida asoslantirilgan axborot berish, qo‘mitaning avtomobillar narxini aholining xarid qobiliyatiga moslashtirish yuzasidan nuqtai nazarini bayon etish talabi qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, mart oyida UzAuto Motors o‘z avtomobillari narxini oshirishi saylovchilar va jamoatchilik vakillari tomonidan keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.

Shuningdek, deputat Rasul Kusherbayev avvalroq UzAuto Motors kompaniyasini Damas tez tibbiy yordam mashinalarini qimmat narxlarda sotayotgani sabab tanqid qilgan edi.