29 iyul kuni Oliy Majlis Senati va xalq deputatlari viloyat kengashlari a’zolari Tashqi ishlar vazirligining yilning birinchi yarmida iqtisodiy diplomatiya sohasidagi faoliyati natijalari bilan tanishdi, deya xabar berdi TIV matbuot xizmati.

Xabarga ko‘ra, aprel-iyun oylarida elchixonalarning bevosita yordami bilan umumiy qiymati 513 million AQSH dollariga teng 492 ta yangi eksport shartnomasi tuzilgan.

Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish sohasida diplomatik vakolatxonalar Farg‘ona, Namangan, Buxoro, Jizzax, Samarqand, Surxondaryo va Navoiy viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda umumiy qiymati 814 million dollarga teng 106 ta loyihani ishlab chiqish va ularni chet elda yashayotgan vatandoshlar ishtirokida amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Tadbirda tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ilhom Ne’matov so‘zga chiqib, Vazirlikning xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va eksportni rivojlantirish borasidagi faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, idoralararo hamkorlikni kuchaytirish maqsadida Tashqi ishlar vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tashabbusi bilan «Muvofiqlashtiruvchi guruh» ko‘rinishida joriy etilgan yangi mexanizm «diplomatik vakolatxonalar-vazirliklar-hokimliklar» yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri va tezkor ma’lumot almashishni o‘z ichiga oladi.

Ilhom Ne’matov Tashqi ishlar vazirligi mamlakatda COVID-19 pandemiyasi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha aniq maqsadli ishlarni amalga oshirganini ta’kidladi. Xususan, jami 11,6 million dollarlik gumanitar yuklar hamda moliyaviy va texnik yordam jalb etildi.

Bundan tashqari, Buxoro va Sirdaryo viloyatlarining zarar ko‘rgan hududlariga yordam berish uchun O‘zbekistonning chet eldagi elchixonalari tomonidan 700 ming dollar miqdorida beg‘araz yordam ko‘rsatildi.

Xabarda yil boshida har bir hududga qo‘shimcha ravishda 10 ta diplomatik vakolatxona biriktirilgani ta’kidlangan. Bundan tashqari, Tashqi ishlar vazirligi markaziy apparati xodimlari respublikaning har bir tuman va shaharlariga biriktirilgan, ular ITSV bilan birgalikda mahalliy hokimiyat organlariga tashqi iqtisodiy hamkorlik masalalarini ilgari surishda yordam berishmoqda.