O‘zbekiston Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan Uzauto Motors kompaniyasida «Raqobat to‘g‘risida"gi qonuni va sohani tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlar talablariga rioya etilishi yuzasidan tekshiruv o‘tkazildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar qildi.

Tekshiruv jarayonida, shu jumladan, ishlab chiqarilayotgan yengil avtomobillar tannarxi shakllanishi va narx qo‘llanilishi asosliligi o‘rganildi.

Tekshirish natijalari bo‘yicha jamiyat tomonidan «Raqobat to‘g‘risida» qonunining tegishli moddasi talablari buzilishi alomatlari aniqlanib, kompaniyaga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atildi.

Qayd etilishicha, Uzauto Motors kompaniyasiga nisbatan qo‘zg‘atilgan ish bo‘yicha Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining maxsus komissiyasi qarori qabul qilinganidan so‘ng natijasi bo‘yicha qo‘shimcha axborot beriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisiga UzAuto Motors tomonidan «Raqobat to‘g‘risida"gi qonun talablariga rioya qilinishini tekshirish, avtomobillarga asosli narxlar qo‘yilishini nazorat qilish talabi qo‘yilgan deputatlik so‘rovini yuborgani xabar qilingan edi.