Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko koronavirus infeksiyasiga chalinganini ma’lum qildi. Bu haqda 28 iyul kuni davlat rahbari mamlakat Ichki ishlar vazirligining 3214-harbiy qismiga tashrifi chog‘ida qayd etib o‘tdi, deya xabar berdi BelTa axborot agentligi.

«Bo‘g‘ilib gapirayotganim uchun sizlardan uzr so‘rayman. So‘nggi paytlarda juda ko‘p gaplashishimga to‘g‘ri kelyapti. Ammo, eng ajablanarlisi shundaki, bugun sizlar o‘z „oyog‘ida“ koronavirus o‘tkazgan odam bilan uchrashmoqdasiz. Kecha shifokorlar shunday xulosaga kelishdi. Simptomsiz», — dedi Belarus prezidenti.

Aleksandr Lukashenkoning ta’kidlashicha, mamlakatning 97 foiz aholisi bu kasallikni simptomsiz boshidan kechirmoqda.

«Xudoga shukur, men bu kasallikni simptomsiz kechirganlar qatoriga kirishga muvaffaq bo‘ldim. Nihoyat, ushbu virusni boshimdan kechirib, Belarusiyaning oltin fondiga kirdim», — dedi u.

Prezident koronavirus bilan qachon kasallangani haqida aniq ma’lumot bermadi va o‘zi bu haqda 27 iyul kuni bilganligini aytdi, deb yozadi RIA Novosti. Davlat rahbari kasal bo‘lgani haqida xabarlar bahorda paydo bo‘lgandi, ammo mamlakat rasmiylari bu xabarlarni asossiz deya rad yetishgandi.