Davlat xizmatlari agentligi tizimida faoliyat olib borayotgan 57 nafar xodim koronavirus infeksiyasiga chalingan, deya xabar berdi agentlik matbuot xizmati.

«Bugungi kunda Davlat xizmatlari agentligi tizimining 57 nafar xodimi COVID-19 ga chalingan bo‘lib, 1 nafar mutaxassisimiz ushbu virusdan vafot etgan. Shuningdek, 2 nafari sog‘aygan bo‘lib, qolganlar hozirda davolanmoqda», — deyiladi xabarda.

Agentlik fuqarolarni davlat xizmatlarini olish uchun elektron xizmatlardan foydalanishga chaqirmoqda. Shuningdek, fuqarolarga qulay bo‘lishi uchun xizmatlardan onlayn foydalanish videoqo‘llanmalarini tayyorlab, agentlikning Youtube kanaliga joylashtirayotganligini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, 16 iyul kuni Adliya vazirligi matbuot kotibi DXAning Navoiy viloyati boshqarmasi bosh yuriskonsulti Adhamjon Dehqonovning vafot etganini, unda COVID-19 infeksiyasi aniqlanganini ma’lum qilgan edi.