Toshkentning Yunusobod tumanida joylashgan “Oloy” bozori avtoturargohi hududida Immunitetni tekshirish bo‘yicha tibbiyot punktlari tashkil qilinmoqda, deya xabar berdi Yunusobod tuman hokimligi matbuot xizmati.

“Mazkur hududda aholidan COVID-19 ga test olish va uning natijalarini 24 soat mobaynida internet orqali olish imkoniyati mavjud buladi”, — deyiladi xabarda.

Xabarda qayd etilishicha, bunday markazlar Yunusobod tumanining boshqa hududlarida ham tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.

Intermed Innovation shaxsiy klinikasining “Gazeta.uz” ga qo‘shimcha qilishicha, bunday tibbiyot punktlarni tashkil etish tashabbusi klinikani o‘zidan chiqqan. Tashabbusni Yunusobod tumani hokimligi qo‘llab-quvvatlamoqda.

Shuningdek, klinika vakili ushbu tibbiyot punktlarida COVID-19 testini topshirish narxlariga to‘xtalib o‘tdi. Hozircha PSR test tahlillari taxminan 300 ming so‘mni tashkil etadi. Aniq narx va xizmat turlari bo‘yicha keyingi haftagacha oydinlik kiritiladi.