Asadjon Xodjayev O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga direktor etib tayinlandi. Bu haqda AOKAdan «Gazeta.uz»ga xabar qilindi.

Asadjon Xodjayev (1970 yilda tug‘ilgan) — Toshkent elektrotexnika aloqasi instituti va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi (2001 yil) bitiruvchisi. Mutaxassisligi — elektroaloqa muhandisi, iqtisodiyot magistri.

1995−2001 yillarda aloqa vazirligi, Pochta va telekommunikatsiya markaziy apparatida ishlagan, 2001−2003 yillarda «O‘zbekiston pochtasi» Davlat aksionerlik kompaniyasi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari, UZINFOCOM Kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish markazi direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.

2003−2004 yillarda O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashi apparati yetakchi konsultanti, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish va axborot xavfsizligi loyihasi rahbari o‘rinbosari bo‘lgan.

2004−2011 yillarda Aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktori o‘rinbosari, 2011−2012 yillarda Intellektual mulk qo‘mitasi bosh direktori, 2012−2017 yillarda Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona direktori sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

2017−2018 yillarda O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov nomidagi Ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi rahbarining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

2018−2019 yillarda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlashga ko‘maklashish markaziga direktor bo‘lgan.

Tayinlovga qadar — 2019 yil noyabridan — Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi.