Surxondaryo viloyatining Angor tumanida yoqilg‘i to‘la sisterna portladi, deya xabar qildi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.

Hodisa 28 iyul kuni taxminan 22:00 da mahalliy korxonalardan biriga tegishli ombor hududida sodir bo‘ldi.

1981 yilda tug‘ilgan payvandchi K. I. dizel yoqilg‘isi bilan to‘la bo‘lgan 10 tonnalik sisternada payvandlash ishlarini olib borishga uringan.

Xavfsizlik texnikasi qoidalarining buzilishi esa sisternaning portlashiga olib kelgan. Hodisa natijasida fuqaro K. A. voqea joyida halok bo‘ldi. Uning yonida turgan P. K. esa kuyish jarohatlari bilan tuman shifoxonasiga yotqizilgan.

Portlash natijasida atrofga yoyilgan olov sisterna yaqiniga qo‘yilgan Isuzu yuv mashinasiga ham zarar yetkazgan.

Voqeadan bir necha daqiqa o‘tib hodisa joyiga Surxondaryo viloyat FVBning o‘t o‘chirish va qutqaruv ekipaji yetib borib, alangani o‘chirgan.