Koronavirus infeksiyasiga chalingan sirdaryolik bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Qayd etilishicha, Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanida yashagan 70 yoshli M.T. (erkak)da 15 iyul kunidan tana harorati ko‘tarilib turgan. 27 iyul kuni holsizlik, butun tanada og‘riq kuzatilganligi sababli Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yotqizilgan.

«Unga „COVID-19“ infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, bemor qandli diabet, yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan», — deyiladi xabarda.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgani ma’lum qilindi.